Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida HOWO yuk mashinasi va yengil avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2026 yilning 3 iyul kuni soat 14:30 larda Shahrisabz tumani 70V010 avtomobil yo‘lining 22-kilometrida HOWO yuk mashinasining tormozi ishlamay qolgan va o‘zi bilan bir qatorda harakatlanayotgan 2 ta Lacetti, Tracker-2, Nexia-1, Nexia-3, Matiz, Damas, Spark mashinalari ishtirokidagi zanzirli to‘qnashuvga sabab bo‘lgan.
To‘qnashuv zarbidan so‘ng Nexia-1 yo‘lning chetki qismidagi piyodani turtib yuborgan. Piyodaga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB JXX YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.