Ba’zi nogironligi bor insonlarda psixologik bosimlar sababli o‘ziga bo‘lgan ishonch etishmaydi.
Lekin, o‘zida kuch topib, og‘ir vaziyatdan chiqib, qahramonlik ko‘rsatayotgan odamlar ham ko‘pligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz dunyoning eng ruhlantiruvchi «Top-100» ayoli ro‘yxatiga kirgan denovlik Dilorom Yo‘ldoshevaning ishlarini e’tirof etdi. Bu ayol nogironligi bor bo‘lsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambag‘al xotin-qizlarni ishli qildi.
– Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident farmoniga muvofiq, yig‘ilishda Dilorom Yo‘ldoshevaga «Mardlik» ordeni tantanali topshirildi.
Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivasion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi ta’kidlandi.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari SH.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.