Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Sevgan qizini buyragini sotishga majbur qilgan soxta oshiq

A A A
Sevgan qizini buyragini sotishga majbur qilgan soxta oshiq

Leonid jinoyati haqida jurnalistga bor gapni yashirmay aytib bergach, orqasidan so‘rab ham qo‘yadi:

— Siz keyin turmaga o‘zim chiqqan gazetani keltirib berasizmi? — deya mazax aralash so‘raydi qator qo‘ydirilgan tilla tishlarini ko‘rsatib Leonid.

— Sen bekorga kulyapsan! — tanbeh beradi jahli chiqib ketgan soqchi.

— Nima, yig‘lashim kerakmi?!

34 yoshli Leonid Chebasov (laqabi Chebasik) uni sevib qolgan 33 yoshli Kseniya hamda qizning oilasini aldaganlikda, hatto buyragini sotishga majbur qilganlikda ayblanmoqda.

Chebasikning qilmishlari

Kseniya Chebasik bilan 2011 yilning oxirida do‘stlar davrasida tanishgan. Lyonya qiz bilan tanishishga harakat qilib, o‘zini uylanmagan, o‘zining bir xonali kvartirasida, qarz, bola va kreditlardan xoli yigit sifatida tanishtirgan. O‘zi esa non ishlab chiqaruvchi sexda qandolatchi bo‘lib ishlashini ta’kidlagan. Kelishgan yigit Ksyushaga xushomad qilishga o‘tdi va tez orada qiz ham uning g‘amxo‘rliklariga javob qaytara boshladi.

Leonid bu paytda qog‘oz ishlab chiqaruvchi kombinatda oddiy ishchi bo‘lib ishlar, muqaddam o‘g‘rilik va zo‘ravonlik uchun sudlangan bezori bir yigit edi. Shu bilan birga u o‘ta e’tiborli va ayyor bo‘lgani uchun bir haftaga qolmay otga qamchi bosdi. Ksyushaga to‘y, bolalar haqida og‘iz ochdi... Qiz bu gaplarga laqqa tushib, o‘zi kutgan yigit shu ekanligiga bir zumda ishondi.

Bir kuni Leonid qovog‘i uyilgan holda kirib keldi. Ksyusha uni kechki ovqat, shirin so‘zlar bilan kutib oldi.

— Menga banditlar tahdid qilyapti, — deya yorildi u.

Ksyusha kresloga o‘tirib qoldi-yu, darhol o‘zini bosib:

— Biron nima o‘ylab toparmiz, — deya tinchlantirdi sevgilisini.

Lenya eng to‘g‘ri yo‘l — biroz vaqtga berkinib turish ekanligini ta’kidladi. Eng yomoni, uning bir rubl ham puli yo‘q ekan. Kseniya unga chipta va oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun to‘rt ming rubl pul beradi. Lenya pulni olib, xotinining oldiga yo‘rg‘alab qoladi.

Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi

Galina narkotiklar savdosi tufayli qamalib, ozodlikka chiqqach, Perm viloyatining Gubaxa shaharchasida yashay boshladi. Lyonya bilan u mashhur saytlardan birida tanishib qoldi va tez orada uni mehmonga chaqirdi. Bir nechta uchrashuvlardan so‘ng yigit uni birga yashashga taklif qildi va Galya rozi bo‘lgach, 2012 yilda turmush qurishdi.

Bu paytda Kseniya hamda Leonidning munosabatlari ham parallel ravishda rivojlanayotgan edi. Ksyusha tanlagani undan yashirincha uylanib olganini hatto xayoliga ham keltirmadi. Biroq Galina u haqda hammasini bilardi. Lenya Kseniya uni qattiq sevib qolgani va undan eng qimmatli narsalarini ham ayamasligini aytib maqtangandi. Galyaga bu yoqib tushdi va sodda qizdan pul sog‘ishga eriga yordamlasha boshladi.

Kredit ustiga kredit

Kseniya bechoraning sevgan yigiti muammolari hech tugay demasdi. U qizga bosqinchilar uni qattiq do‘pposlashganini aytib, davolash uchun 50 ming rubl so‘raydi.

Chebasikning boshqa bahonasida esa biznesmen bo‘lmoqchi ekanligini ta’kidlab, bu biznesi Kseniya bilan qurmoqchi bo‘lgan oilasining moliyaviy asosini tashkil etishini ta’kidladi. Ish boshlash uchun boshlang‘ich kapital — 100 ming rubl kerak edi. Kseniya o‘ylab ham o‘tirmasdan pasportini oldi-yu, kredit rasmiylashtirdi. So‘ng Chebasik biznesini yanayam rivojlantirish uchun 300 ming kerakligini aytdi, qiz yana yangi kredit oldi.

Tez orada alfons yoqimsiz vaziyatga tushib qolgani va huquqshunos yordami uchun 50 ming rubl kerakligi haqidagi yangi bahonani to‘qidi. So‘ng bunday gonorarlardan yana uchta advokatga «to‘lashdi»... Kseniya yangidan-yangi kreditlar olaverdi.

Pulning bir qismini Ksyusha Leonidga emas, uning xotini Galinaga beradi. Chunki yolg‘on afsonalarga ko‘ra, u goh kamerada, goh shifoxonada bo‘lardi. Bundan tashqari, Galya qizni ular shunchaki tanish ekanligiga ishontirib, sevgilisidan minnatdorchilik va sevgi xatlari yetkazib turardi. Kseniyaning pullari evaziga alfons va uning rafiqasi tarallabedod hayot kechira boshlashibdi.

Go‘zal hayot

Chebasik sodda qizdan olgan pullarini orqa-oldiga qaramay sarflay boshladi. O‘ziga qimmatbaho sport kostyumi sotib oldi, bar hamda restoranlarda ovqatlandi, o‘ziga tilla tish qo‘ydirdi — Kseniya bilan uchrashgunga qadar u hatto jilmayishga ham uyalardi, chunki tishlari to‘kilib tushgandi. O‘zining qonuniy rafiqasi Galina uchun ham nimadir ajratishni unutmadi. Divan, ikki tabaqali shkaf, norkali palto (shuning o‘zi yuz ming turadi).

Bir kuni Ksyusha Leonidning kvartirasiga ogohlantirmasdan tashrif buyurdi — yigit bir necha kundan buyon qo‘ng‘iroq qilmagan, qiz esa uning salomatligidan xavotir olgandi. Eshikni Galya ochdi.

Chalkash fikrlar

Kutilmagan bu holatdan qizning miyasida chalkash fikrlar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi. Axir u oldinlari Galyani faqat pul berayotgan chog‘ida uchratar, yigitning oddiy bir tanishi deb o‘ylardi. Endi esa uni uy xalatida Leonidning kvartirasida uchratib turibdi. Biroq er-xotinlar qizga yana yangi ertak to‘qishdi: “Voy, men mehmonga kelgandim, xolos”. Qiz esa bu gapga ishonib, yana yangidan-yangi qurbonliklar qilishga kirishdi. Ikki yillik aloqadan so‘ng Kseniya endi kredit ham ololmay qolgandi, shunda Leonid unga kvartirasini sotishni maslahat beradi. Kseniya o‘ylab ham o‘tirmasdan ko‘chmas mulkidan voz kechib, ota-onasinikiga ko‘chib o‘tdi. Kvartira sotilishidan tushgan pullar kreditlarning bir qismini qoplagach, qolgani yigitga berildi. Tabiiyki, pullar tez orada tugadi va alfons qizni ota-onasining nomida bo‘lgan ko‘chmas mulkni garovga qo‘yib, pul olishga ko‘ndirdi. Kseniya ota-onasini ko‘ndirib, kvartiralarini garovga qo‘ydirdi.

2016 yil Leonid xotini bilan ajrashib, yana uylanishga chog‘landi. Eng qizig‘i, Kseniyaga emas. Qiz hatto bir kuni kafeda sevgan yigitini qo‘lida nikoh uzugi va qarshisida ketvorgan bir qiz bilan ko‘rganida ham shubhalanmadi.

— Ha, buni shunchaki taqib ko‘rgandim. Axir bilasan-ku, men faqat seni sevaman, — navbatdagi yolg‘onini to‘qidi yigit.

Kseniya odatdagidek yana unga ishondi.

Buyrakni sotish operasiyasi

Kseniya hamda oilasida sotish uchun hech narsa qolmagach, alfons endi qimmatbaho bir firibgarlikni o‘ylab topdi. U qizni buyragini sotib, pul olishga tayyorlay boshladi. Firibgarlik bahosi anchagina edi — bitta buyrak 25 000 dollar turardi.

Makkor Chebasik o‘zini qizning qarzlaridan xavotir olayotgandek tutib, bu chorasizlikdan chiqish uchun o‘z buyragini berishga ham tayyor ekanligini aytadi.

— Faqat bitta mening buyragimning puli yetmaydi. Sen ham o‘zingnikini sotsang, balki yetib qolar, — avray boshladi yolg‘onchi.

Kseniya o‘ylab ham o‘tirmasdan rozi bo‘ldi.

Firibgar Kseniyani ko‘ndirgach, hayotiy muhim organini u birinchi bo‘lib sotishi kerakligini aytadi.

— Men senga shifoxonada va uyda g‘amxo‘rlik qilishim uchun sog‘ bo‘lishim kerak, — dedi Leonid.

Juftlik Yekaterinburgga yo‘l olib, tegishli tekshiruvlardan o‘tishdi. Biroq muolajalar uchun ketgan 150 ming rublni ham firibgar Kseniyadan oladi.

Buyrak butun qoldi

Kseniyaning baxtiga uning organlari butun qoldi — tibbiy tekshiruvlar qizning buyragi donorlikka yaramasligini aniqladi. Leonidning firibgarliklari esa 2017 yilning sentyabr oyida, Kseniyaning ota-onasi sudga murojaat qilganidagina yakuniga yetdi.

Perm viloyat sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib, Leonid hamda uning sobiq xotini Galinaga nisbatan ish ochdi. Ularni firibgarlikda ayblashdi. Prokuror alfonsga uch yarim yil qamoq jazosi, sobiq xotiniga esa ikki yarim yil qamoq jazosi berilishini so‘radi.

 

Kiritildi: 00:59 14.05.2018. O'qildi: 4092 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik