«Xetafe» prezidenti Anxel Torres 40 yoshli ispaniyalik markaziy himoyachi Serxio Ramos klubning ehtimoliy yangi futbolchilari ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qildi.
«Uning ukasi, shuningdek, agenti men bilan gaplashdi. Ramos ehtimoliy yangi futbolchilarimiz ro‘yxatida bor. U jamoamizga o‘tishi mumkin. Bu transferni bir muddatdan beri amalga oshirishga harakat qilyapmiz», — dedi Torres Radio Nacional efirida. Uning so‘zlarini AS nashri keltirdi.
Klub rahbarining aytishicha, bosh murabbiy Xose Bordalas hujum qanotlarini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb hisoblamoqda. Sababi jamoa tarkibida tajribali markaziy himoyachilarning o‘zi oltita.
Avvalroq «Xetafe» safini «Real»ning yana bir sobiq sardori Daniel Karvaxal to‘ldirgan edi. Endi madridliklar Ramosni ham tarkibga qo‘shishni ko‘zlamoqda.
Serxio Ramosning so‘nggi jamoasi Meksikaning «Monterrey» klubi bo‘lgan. U 2026 yil yanvar oyida ushbu jamoani tark etgan. Faoliyati davomida himoyachi «Real», «Sevilya» va «PSJ» klublarida ham to‘p surgan.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining transfer qiymati 800 ming yevroni tashkil etadi.