Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kengash tomonidan Senatning o‘ninchi yalpi majlisini joriy yil 4 sentyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlis kun tartibiga «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi, «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi, «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlar kiritilgan.
Shuningdek, JSTga a’zo bo‘lish jarayonlari yanada jadallashtirilishi, kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi, yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qator qonunlarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yalpi majlisda ayrim qonun hujjatlariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun ham ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan parlament nazorati doirasidagi qator masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Xususan, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti va O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar tomonidan Samarqand viloyatining ayrim hududlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, o‘quvchilarni sifatli darsliklar bilan ta’minlash yuzasidan parlament so‘rovlari yuborish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sohada ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qilish rejalashtirilgan.
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.