OpenAI asoschisi Sem Altman Ilon Maskning sun’iy intellekt bo‘yicha xAI startapini o‘z kompaniyasiga jiddiy raqobatchi sifatida tan oldi. Bu haqda u DealBook Summit tadbirida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Bloomberg.
Altman Maskning unga va OpenAI'ga qarshi da’vosidan afsusda ekanligini aytib, u hamisha Ilonni o‘zining «mega-qahramoni» deb bilishini ta’kidladi. Biroq, keskinliklarga qaramay, u Maskning xAI'ni rivojlantirish uchun Tennessi shtatida ma’lumotlar markazi yaratish rejalarini yuqori baholadi.
Altman, shuningdek, Mask o‘zining siyosiy ta’siridan raqobatchilari zarariga foydalanmasligiga ishonch bildirdi. Eslatib o‘tamiz, tadbirkor avvalroq uni «super daho» deb atagan va davlat boshqaruvi samaradorligi departamentida asosiy lavozimga tayinlagan prezident Donald Trampni faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Ilon Mask OpenAI'ga qarshi sudga murojaat qilib, kompaniyani «asl missiyasiga xiyonat qilganlikda» aybladi. Bunga javoban Altman buni «aql bovar qilmaydigan darajada qayg‘uli» deb atadi va uning Mask bilan munosabatlari dastlab o‘zaro hurmatga asoslanganini qo‘shimcha qildi.
Tadbirda Altman OpenAI'ning rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi: kompaniya investisiya jozibadorligini oshirish va auditoriyani kengaytirish uchun qayta qurish ustida ishlamoqda. Hozirda OpenAI mahsulotlari, jumladan ChatGPT, har hafta taxminan 300 million kishi tomonidan foydalaniladi. Kompaniyaning maqsadi 2025 yilga borib foydalanuvchilarni 1 milliardga yetkazish.