Bugun 26 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

SAYLOVDA FUQAROLAR TOMONIDAN JAMOATCHILIK NAZORATI QANDAY TA’MINLANADI?

A A A
SAYLOVDA FUQAROLAR TOMONIDAN JAMOATCHILIK NAZORATI  QANDAY TA’MINLANADI?

Saylov jarayonlariga qo‘yiladigan eng asosiy talablardan biri saylovlarning ochiqligi hisoblanadi. Saylovlarning ochiqligini ta’minlash esa, odatda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchilarning erkin qatnashishini ta’minlash orqali amalga oshiriladi.
Kuzatuvchilarning ishtirokidan ko‘zlangan maqsad — saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat. Saylovda jamoatchilik nazorati siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar hamda fuqarolarning kuzatuvchi va vakillari orqali amalga oshiriladi.
Saylov jarayonlarida ayniqsa, fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan jamoatchilik nazorati juda muhim. Nega deganda, mazkur jamoatchilik nazorati mutlaqo mustaqil institut tomonidan amalga oshiriladi. Saylov jarayonlariga eng xolis baho jamoatchilik tomonidan beriladi.
Albatta, har bir jarayon, shu jumladan, saylovlardagi jamoatchilik nazorati ham muayyan tartib-qoidaga asosan amalga oshiriladi.
Saylov kodeksining 33-moddasiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan saylovda jamoatchilik nazorati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali amalga oshiriladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma’lum qiladi.
Shunday qilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida okrug saylov komissiyasi tuzilgach, o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda arizaga kuzatuvchilarning ro‘yxati (ism-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda), ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalari, 3x4 sm. o‘lchamdagi ikki dona fotosurat ilova qilinadi.
Okrug saylov komissiyasi esa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasini olgach, besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
Kuzatuvchi:
saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;
nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;
saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatish;
muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;
saylovchining turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonini kuzatish;
ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;
saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;
saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno);
kuzatuv natijalari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari vakillariga murojaat qilish;
tegishincha okrug, tuman, shahar (bundan Toshkent shahar saylov komissiyasi mustasno) saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;
harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin tegishli uchastka saylov komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish;
agar saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida ushbu uchastka saylov komissiyasi a’zolariga ularning ishiga aralashmagan holda ma’lum qilish, shuningdek yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berish;
saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari haqida, shuningdek saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega.
Kuzatuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

Farxod Primov,
IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i

Kiritildi: 20:58 07.07.2023. O'qildi: 1379 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!