Evropa Ittifoqi va AQSh 27 iyul kuni erishilgan savdo kelishuvi bo‘yicha qo‘shma bayonotni e’lon qilish masalasida kelisha olmayapti. Financial Times manbalariga ko‘ra, nizo raqamli qoidalar va bojxona imtiyozlarining muddati yuzasidan kelib chiqqan.
AQSh Yevroittifoqdan raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni yumshatishni talab qilmoqda. YEI esa bu talabni rad etmoqda va "qizil chiziq" deb atagan.
Shuningdek, AQSh Yevropa avtomobillariga bojlarni kamaytirish masalasini kechiktirmoqda. Bryussel 15 avgustgacha 27,5%dan 15%ga tushirishni kutgan, ammo Vashington buni kelishuvdan keyin amalga oshirishini bildirgan.
Vashington qo‘shimcha ravishda amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun – xususan baliq, ketchup, pechenye, soya moyi va boshqa mahsulotlar uchun Yevropa bozoriga yengilroq kirishni talab qilmoqda.
🇪🇺 Yevropa davlatlari bunday talablarga javoban, ichki jarayonlar aniq muddat talab qilishini istisno qilmoqda. Ular AQSh birinchi bo‘lib o‘z majburiyatlarini bajarsa, YEI ham shunday qilishini bildirishdi.