Saudiya Arabistoni shahzodasi Turki al-Faysal Ol Saud AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surgan G‘azodan falastinliklarni qo‘shni davlatlarga ko‘chirish tashabbusiga keskin qarshi chiqdi.
«Falastin xalqi boshqa davlatlarga badarg‘a etish mumkin bo‘lgan noqonuniy muhojirlar emas. G‘azo yeri – ularning yeri, Isroil vayron qilgan uylar – ularning uylari. Uylarini Isroilning avvalgi bosqinlaridan keyin bo‘lgan kabi yana o‘zlari qayta tiklashadi», – deb yozdi Turki al-Faysal «The National» gazetasida chop etilgan murojaatnomasida.
80 yoshli Turki al-Faysal 1977-2001 yillarda Saudiya Arabistoni razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, podshohlikning Buyuk Britaniya va AQShdagi elchisi vazifasida faoliyat yuritgan.
Shahzoda falastinliklar Yaqin Sharqning tubjoy aholi vakillari ekani, Isroilning aksar aholisi esa muhojir ekanini aytgan.
«Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa va boshqa joylardan Falastinga ko‘chib kelgan o‘n minglab muhojirlar falastikliklarning yerlari va uylarini tortib oldi, odamlarga zo‘ravonlik qildi va etnik tozalash kampaniyasini amalga oshirdi. Afsuski, urushda g‘olib chiqqan Amerika va Buyuk Britaniya ular tarafini oldi va hatto falastinliklarning o‘z uylari va yerlaridan qonli tarzda ko‘chirishga ko‘mak ko‘rsatdi», – deb yozdi Turki al-Faysal.
Saudiyalik davlat arbobi agar G‘azo ahlini ko‘chirish kerak bo‘lsa, Isroil hududidagi o‘z tarixiy yerlariga ko‘chirish mumkinligini qayd etgan.
Turki al-Faysal Ikkinchi jahon urushidan keyin yahudiylarga tovon sifatida Germaniyaning biror hududini berish taklif qilingani, ammo AQSh rahbariyati buni rad etib, Falastin hududini olib berishni ma’qul ko‘rganini afsus-la qayd etgan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp yanvar oyida G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 2 million aholisini Misr va Iordaniya kabi davlatlarga ko‘chirish kerakligini aytdi.
Mohiyat e’tiboriga ko‘ra Isroil rasmiylari ilgari surayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga ko‘chirish va keyinroq u yerda yahudiy kelgindilarini joylashtirish g‘oyasiga hamohang yangragan bu taklifni Isroildan boshqa biror bir davlat qo‘llab-quvvatlamadi.
AQShning yaqin ittifoqchisi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas G‘azo ahli o‘zi shundoq ham ko‘p azob chekkani, ular ham isroilliklar kabi tinch hayotga haqli ekanini ta’kidladi. Yuqori martabali diplomat YEI ziddiyatni ikki davlat – Isroil va Falastin davlati tamoyili asosida hal etishga sodiqligini yana bir karra tasdiqladi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk G‘azo aholisini majburan boshqa yerga ko‘chirish xalqaro huquqqa zid ekanini eslatdi.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Irlandiya kabi davlatlar ham mintaqadagi ziddiyat ikki davlat tamoyili asosida hal etilishi lozimligi, ya’ni mustaqil Falastin davlati tuzmay, kelishuvga erishib bo‘lmasligini yana bir karra ta’kidladi.
Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlash va Falastin ahli huquqlarini poymol etish deb baholangan bu taklif Arab davlatlari ligasi tomonidan ham jiddiy tanqid qilindi.
Keskin tanqid va e’tirozlarga qaramay, Tramp 4 fevral kuni Vashingtonda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida yana G‘azo sektorida nazorat o‘rnatish kerakligini iddao qildi.
Tahlilchilar Isroil hukumati 2023 yil oktyabrda boshlagan urushdan foydalanib, G‘azo aholisini majburiy ravishda qo‘shni davlatlarga surgun qilish orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotganidan ogohlantirmoqda.
Falastin aholisi Isroil davlati 1948 va 1967 yillarda amalga oshirgan majburiy quvg‘in yana takrorlanishidan xavotirda.