Saudiya Arabistoni Xitoy boshchiligida banklar tomonidan transchegaraviy to‘lovlar va valyuta operasiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan mBridge xalqaro raqamli platformasiga qo‘shildi. Bu haqda qirollik Markaziy banki ma’lumotlariga tayanib, Investing.com nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1974 yil 8 iyunda Saudiya va AQSh o‘rtasida tuzilgan 50 yillik kelishuv muddati nihoyasiga yetgan. Xuddi shu yili saudlar Amerika rahbarlariga neft va boshqa tovarlarni istalgan mijozga faqat AQSh dollariga sotishga va’da bergan edi.
Bizcommunity nashrining yozishicha, Saudiyaning neft-dollar shartnomasini uzaytirmaslik haqidagi qarori dunyoning moliyaviy holatini o‘zgartirishi mumkin.
"Endi mamlakat o‘zining uglevodorodlari va boshqa mahsulotlarini nafaqat AQSh dollarida, balki boshqa valyutalarda ham sota oladi", – deb yozadi nashr.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni va AQSh o‘rtasida tuzilgan neft-dollar shartnomasi AQSh siyosatining Bretton-Vuds kelishuvidan keyingi ikkinchi yutug‘i bo‘lib tarixda qolgan. Shundan so‘ng, dollar oltin bilan bog‘langan global zaxira valyutasi sifatida tan olingan.
O‘shanda saudiyaliklar neftni faqat dollarga sotish evaziga AQShning harbiy himoyasini olgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida BAA va Xitoy ushbu platforma orqali raqamli dirham va yuandan foydalangan holda birinchi 14 million dollarlik transchegaraviy operasiyani amalga oshirgan edi.