Saudiya Arabistonining mamlakat sharqidagi neft konlarini Qizil dengiz bilan bog‘lovchi Sharq—G‘arb neft quvuri dron hujumlaridan keyin vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Reuters Saudiya rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Hujumlar quvurning Ar-Riyod va Madina hududlaridagi ob’ektlariga amalga oshirilgan. Saudiya Arabistoni tomoni dronlar Iroq hududidan uchirilganini ma’lum qilgan, biroq hujum ortida kim turganini ochiqlamagan.
"Zarbalar oqibatida jarohatlanganlar bor, quvur infratuzilmasiga yetkazilgan zarar hajmi o‘rganilmoqda. Neft eksportiga hujum qanchalik ta’sir qilgani haqida hozircha ma’lumot berilmagan", deyiladi Reuters xabarida.
Sharq—G‘arb quvurining uzunligi qariyb 1200 kilometr bo‘lib, Saudiya Arabistoni neftini Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tkazmasdan jahon bozoriga olib chiqishdagi asosiy muqobil yo‘l hisoblanadi. Tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi oylarda quvur orqali kuniga 4–5 mln barrel neft tashilgan. Bu jahon neft ta’minotining taxminan 4–5 foiziga teng.