Saudiya Arabistoni Yamanda husiylarga qarshi harbiy operasiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligiga mintaqadagi va G‘arbdagi manbalar ma’lum qildi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ikki variant ko‘rib chiqilmoqda: Qizil dengizdagi dengiz qatnovi yo‘lini xavfsizlantirishga qaratilgan cheklangan operasiya yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda zarba berish.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, operasiya yaqin haftalarda boshlanishi kutilmoqda. Uni Ar-Riyod qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman kuchlari amalga oshiradi, Saudiya Arabistoni aviasiyasi esa havodan zarbalar bilan yordam beradi.
Operasiya ko‘lamiga qarab, unga 100 mingdan ortiq yamanlik harbiy jalb qilinishi mumkin.
Agentlik manbalari operasiyaning aniq muddati, unda ishtirok etadigan kuchlar tarkibi va barcha maqsadlari haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
AQSh Saudiya Arabistoniga razvedka ma’lumotlari va harbiy maslahatchilar bilan yordam bermoqda. Biroq Vashingtonning jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etishi kutilmayapti.
Operasiyaga tayyorgarlik husiylarning sentyabr oyida keskin ilgarilashidan so‘ng boshlangan. Ular Qizil dengiz sohili bo‘ylab bir qator hududlarni egallab, Bob al-Mandeb bo‘g‘ozidagi strategik ahamiyatga ega Perim oroliga yetib bordi.
Bu esa husiylarning dunyodagi eng muhim dengiz savdo yo‘llaridan biri ustidan nazorat o‘rnatish imkoniyatlarini yanada kuchaytirdi.