Hujjat 17 sentyabr kuni Ar-Riyoddagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda agentlik.
Kelishuv Isroilning Qatardagi Hamas siyosiy yetakchilariga hujumidan so‘ng chaqirilgan Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma yig‘ilishidan ikki kun o‘tib imzolandi.
"Bu kelishuv ikki davlatning xavfsizlikni kuchaytirish, mintaqada hamda jahonda xavfsizlik va tinchlikka erishish yo‘lidagi mushtarak intilishlarini aks ettiradi. U mudofaa sohasida hamkorlikni rivojlantirish va har qanday tajovuzga qarshi qo‘shma to‘siqni mustahkamlashni maqsad qiladi. Kelishuvda aytilishicha, ikki davlatdan qaysi biriga tajovuz qilinsa, bu har ikkalasiga ham qilingan tajovuz hisoblanadi", deyilgan chorshanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.
Bayonotga ko‘ra, mudofaa pakti ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy sheriklik hamda umumiy strategik manfaatlar va yaqin mudofaa hamkorligiga asoslangan.
Kuchaytirilgan mudofaa aloqalari arab ko‘rfazi davlatlari AQShni uzoq yillik xavfsizlik kafolatchisi ekaniga shubhalanishlari kuchaygan bir sharoitda paydo bo‘ldi. O‘tgan hafta Isroilning Qatarga hujumi bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi, deb yozmoqda Reuters.