Bugun 28 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

Saudiya Arabistoni Suriyaning qarzini to‘laydi

Saudiya Arabistoni Suriyaning qarzini to‘laydi

Saudiya Arabistoni Suriyaning Jahon bankiga bo‘lgan qarzlarini to‘lashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi masaladan xabardor uchta manbaga asoslanib xabar bermoqda.

Suriya tashkilotga taxminan 15 million dollar qarzdor bo‘lib, bank uzoq davom etgan fuqarolar urushidan zarar ko‘rgan mamlakatni qayta tiklash uchun grantlarni tasdiqlashi va boshqa turdagi yordamlarni ko‘rsatishi uchun bu qarzni qaytarish zarur.

Suriyaning yangi hukumati chet el valyutasi tanqisligini boshdan kechirmoqda. Chet elda muzlatilgan aktivlar hisobidan qarzlarni to‘lash bo‘yicha ilgari ishlab chiqilgan reja amalga oshmagan, deb xabar qilmoqda ikki manba. Shuningdek, Reuters suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Jahon banki vakillari allaqachon mamlakat energetika tizimini tiklash va davlat sektori xodimlariga ish haqi to‘lashni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish masalasini muhokama qilgan.

Aprel oyining oxirida Suriya delegasiyasi Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining yillik majlislarida qatnashish uchun Vashingtonga yo‘l oladi. Bu o‘tgan yil dekabrida Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng Suriya amaldorlarining AQShga ilk rasmiy tashrifi bo‘ladi. Avvalgi hokimiyat davrida Suriyaga nisbatan joriy etilgan Amerika sanksiyalarining deyarli barchasi hamon o‘z kuchini saqlab qolmoqda.

Reuters axborot agentligi xabar berishicha, Saudiya Arabistoni ilk bor Suriyaning yangi hukumatiga moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Saudiya Arabistoni Moliya vazirligi vakili Ar-Riyodning Suriya qarzlarini to‘lash rejalari haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi, biroq inkor ham etmadi.

Kiritildi: 20:26 14.04.2025. O'qildi: 1264 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!