Evropaning neft bilan ta’minlanishi bo‘yicha vaziyat keskinlashmoqda. Saudiya Arabistonining davlatga qarashli Saudi Aramco neft kompaniyasi kamida ikki nafar yevropalik neftni qayta ishlash korxonasiga keyingi oyda ularga xom neft yetkazib berilmasligini ma’lum qilgan. Bu haqda Bloomberg xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistonining Yevropadagi birorta ham xaridori neft olmaydi.
Bunga xusiylarning Sharq–G‘arb neft quvuriga uchiruvchisiz apparatlar orqali bergan zarbasi sabab bo‘lgan. Uzunligi qariyb 1200 kilometr bo‘lgan ushbu quvur Saudiya Arabistonining sharqidagi neft konlarini Qizil dengiz sohilidagi Yanbu porti bilan bog‘laydi. Ushbu yo‘nalish orqali Saudiya Arabistoni neftni Hurmuz bo‘g‘ozidan foydalanmasdan tashishi mumkin.
Hujumlardan keyin neft quvurining ishi vaqtincha to‘xtatildi. Neft sanoatidagi manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, uchta nasos stansiyasi shikastlangan. Ularni qanchalik tez ta’mirlash mumkinligi hozircha noma’lum. Baholashlarga ko‘ra, ta’mirlash ishlari bir necha hafta davom etishi mumkin.
Bu Yevropa uchun ayniqsa muammoli vaziyat. Yevropa neftni qayta ishlash zavodlari odatda Saudiya neftini Misrdagi Sidi-Kerir porti orqali qabul qiladi. U yerga neft Yanbu portilan keladi. Hozir xaridorlar, ehtimol, shoshilinch ravishda muqobil manbalar izlamoqda. Masalan, Polsha neft kompaniyasi Orlen ko‘plab tenderlar e’lon qildi va boshqa davlatlardan qo‘shimcha neft yetkazib berishni tashkil etdi.
Sharq–G‘arb neft quvuri neft bozori uchun katta ahamiyatga ega. U kuniga bir necha million barrel xom neft tashish imkoniyatiga ega. Shuning uchun hujumdan keyin butun dunyoda neft taklifining yanada qisqarishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo‘ldi. 18 sentyabr kuni Brent neftining bir barreli narxi taxminan 104 dollarga yetdi.
Saudi Aramco hozircha Yevropaga neft yetkazib berish to‘xtatilishi haqidagi xabarlarga rasman izoh bermadi. Kompaniya boshqa neft tashish yo‘nalishlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga harakat qilmoqda. Treyderlar Fors ko‘rfazidan qo‘shimcha neft yetkazib berilayotganini xabar qilmoqda.