Saudiya Arabistoni Yamandagi husiylarga qarshi yangi harbiy amaliyot o‘tkazishni rejalashtirmoqda va bu borada Yevropa davlatlaridan harbiy yordam kutayotganini ma’lum qildi.
«Shpigel» jurnaliga ko‘ra, Saudiya razvedkasi rahbari Turkiy bin Faysal Ol Saud Fransiya va Buyuk Britaniyadan tashqari Germaniyani ham husiylarga qarshi kurashda ishtirok etishga chaqirgan.
Uning ta’kidlashicha, mintaqadagi tabiiy resurslardan manfaat ko‘rayotgan davlatlar uning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda ham ishtirok etishi kerak.
Turkiy bin Faysal Ol Saudning aytishicha, Fransiya Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlamoqda, Buyuk Britaniya esa havoda yoqilg‘i quyish orqali yordam bermoqda. Misr va boshqa davlatlar ham ushbu sa’y-harakatlarga qo‘shilishi mumkin.
Uning ma’lum qilishicha, Pokiston va Turkiya ham ta’minot, o‘q-dori hamda razvedka ma’lumotlari bilan yordam bermoqda.
Saudiya tomoni bir necha oy oldin Arabiston yarimoroli va Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi uchun xavfsizlik va kuzatuv tizimini yaratishni taklif qilgan. Biroq Turkiy bin Faysalning so‘zlariga ko‘ra, hozircha biror Yevropa davlati bu tashabbusga qo‘shilmagan.
Kelasi oy Er-Riyodda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Saudiya tomoni ushbu muzokaralarda savdo va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalasini ko‘tarmoqchi.