"Saroy javohiri" serialidagi Tangem roli bilan tanilgan koreyalik mashhur aktrisa Li Yong E Ukraina xalqiga yordam berish uchun 100 million von (hozirgi kurs bo‘yicha 83 ming AQSh dollari) xayriya qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Nominal qiymati 100 million bo‘lgan juda katta shaxsiy xayriya chekiga aktrisa samimiy yozilgan maktubni ham ilova qilgan.
“Hurmatli ukrainaliklar, mening ismim Li Yong E, Janubiy Koreyalik aktrisaman. Men urush faxriysi oilasida o‘sganman va shuning uchun harbiy mojarolar dahshatini boshqalarga qaraganda yaxshiroq his qilaman.
Men butun qalbim bilan Ukrainadagi urush tugashini va tinchlik o‘rnatilishini tilayman, barcha ukrainaliklarning xavfsizligi va farovonligi uchun ibodat qilaman. Tinchlik va erkinlikni sevadigan Ukraina fuqarolaridan umid hamda jasoratni yo‘qotmasliklarini so‘rayman!
Ozod Koreyaning ko‘plab tinchliksevar fuqarolari nomidan sizlarga o‘zimning aziz qalbimdan bir parcha yubormoqchiman. Xudo sizni asrasin”, deydi u.