Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi sabablari ma’lum qilindi

Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi sabablari ma’lum qilindi

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Abdulla Qo‘ldoshev ishtirokida maxsus brifing o‘tkazildi. Unda Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish va uning sabablarini o‘rganish natijalari yuzasidan ma’lumot berildi.

Ma’lumki, 2020 yil 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining yemirilishi natijasida yuz bergan suv toshqini oqibatida bir qancha aholi punktlari, bino-inshootlar hamda ekin maydonlari jiddiy talafot ko‘rdi. Eng achinarlisi, mazkur hodisa tufayli 6 nafar fuqaro qurbon bo‘lib, bir kishi bedarak yo‘qoldi.

Zarar ko‘rgan aholi punktlarini qayta tiklash hamda ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarini qurish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2640 xonadondan iborat 86 ta ko‘p qavatli yangi uy-joy qurilib, barcha ijtimoiy-iqtisodiy va transport-muhandislik infratuzilmasiga ega bo‘lgan 3 ta zamonaviy shaharcha barpo etildi.

Qayd etilishicha, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston hamda mamlakatimizning yuqori malakali ekspertlarining tahlil va xulosalari asosida o‘pirilish sabablari atroflicha o‘rganib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Moskva davlat qurilish universiteti, «Qurilish sohasida muhandislik izlanishlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri» davlat ilmiy-tadqiqot loyiha instituti tomonidan to‘g‘onning mustahkamligini aniqlash bo‘yicha muhandislik-qidiruv izlanishlari va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.

Shu bilan birga, malakali mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzilib, respublikamizdagi barcha yirik gidrotexnik inshootlar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalari asosida ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Abdulla Qo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, olib borilgan tadqiqot va tahlillar natijasiga ko‘ra, to‘g‘on o‘pirilishiga bir qator omillar sabab bo‘lganligi aniqlandi.

Birinchidan, Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan;

inshootni to‘laqonli ekspluatasiya qilishda mazkur suv omboridan foydalanish qoidalari tasdiqlanmagan, bu jarayonda belgilangan texnik va me’yoriy talablar qo‘pol ravishda buzilgan.

Ikkinchidan, “UzGip” MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan suv omborining ishchi loyiha hujjatlarini tayyorlash jarayonida tasdiqlangan Texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan yechimlarga rioya qilinmasdan, unga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Ishchi loyiha hujjatlarida to‘g‘onning konstruktiv va seysmik mustahkamligi inobatga olinmagan.

Uchinchidan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning pudrat tashkiloti va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan to‘g‘on tanasi tuprog‘ining zichligi, filtr va himoya tosh qatlami qalinligi loyihaviy ko‘rsatkichdan past bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgan.

Kiritildi: 14:34 30.04.2021. O'qildi: 21043 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!