18 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Ozon kompaniyasi logistika markazlaridan biri uchuvchisiz uchish apparati hujumiga uchradi. Hujum oqibatida ob’ekt hududida yong‘in kelib chiqqan, jabrlanganlar yo‘q.
Bu haqda kompaniya matbuot xizmati o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Ozon ma’lumotiga ko‘ra, hujumdan so‘ng logistika markazidagi barcha xodimlar zudlik bilan xavfsiz hududga evakuasiya qilingan.
"Biz barcha xodimlarni tezkorlik bilan evakuasiya qildik. Hech kim jabrlanmadi. Hududda yong‘in kelib chiqqan, ayni paytda voqea joyida favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda", — deyiladi kompaniya bayonotida.
Hozirda hodisa joyida favqulodda xizmatlar xodimlari ishlashda davom etmoqda. Yong‘in ko‘lami va ob’ektga yetkazilgan zarar haqida hozircha ma’lumot berilmagan.