Shu kunlarda Samarqandda noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli bino yana muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Samarqand tumani “Jo‘yisoy” mahalasida fuqaro F.Xalilov tomonidan o‘z uyining bir qismini buzib, o‘rniga mehmonxona qurilishi hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan.
Quyidagi bir qator kamchiliklar aniqlangan:
Qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limi ruxsatnomasi mavjud emas;
Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) mavjud emas;
Muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
Belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
Mehmonxona majmuasi ob’ekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (SHNQ 3.01.01-03ning 2.4 bandi bajarilmagan);
Qurilish ob’ektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
SHNQ 3.01.01-03ning 7.8 va 9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan;
Mutaxassislar tomonidan binolarning seysmologik jihatdan talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.
Yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsada, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng “Konstant Loyiha” MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. “Triumf Loyiha” MCHJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan esa to‘liq ishlab chiqilmagan loyiha hujjatlariga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda xulosa berilgan.
Qurilish ishlari davomida tuman qurilish bo‘limi va hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsada, fuqaro F.Xalilov tomonidan ishlar o‘zboshimchalik bilan davom ettirilgan. Mehmonxona qurilishi ob’ekti bo‘yicha maxsus lisenziyaga ega “SVP MASKAN” MCHJ mutaxassislari tomonidan 2016 yilda binolarning texnik holati o‘rganilib, rigel va temir beton ramkalarni kuchaytirish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha xulosa berilgan. Ushbu kuchaytirish bo‘yicha tegishli loyiha ishlab chiqilmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan.
“O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binolarning seysmik holati o‘rganib chiqilib, “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJning xulosasiga asosan binolarning QMQ, SHNQ talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligi o‘z tasdig‘ini topgan hamda binolarni buzish bo‘yicha xulosa berilgan.
❗️Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan bu bino bo‘yicha Respublika komissiyasi xulosasi va 2022 yilning 6 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan F.Xalilovga Samarqand tumani “Jo‘yisoy” MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni o‘z hisobiga buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan va ijro uchun yuborilgan.