Bugun 30 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Samarqanddagi maktabda yana o‘qituvchilar ayovsiz do‘pposlandi

Samarqanddagi maktabda yana o‘qituvchilar ayovsiz do‘pposlandi

Joriy yil 27 oktyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani Ipak yo‘li mahallasida istiqomat qiluvchi U.SH. ismli shaxs shu mahallada joylashgan 112-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga g‘irt mast holatda bostirib kiradi va o‘qituvchilarni haqorat qilib, ularga nisbatan kuch ishlatadi. Bu haqda samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev ma’lum qilmoqda.

Maktab qorovulining “maktabdan chiqib keting”, degan qonuniy talabini bajarmaydi. U maktabning matematika fani o‘qituvchisi S.Tojimurodovni haqorat qiladi va uradi. O‘qituvchini zo‘ravon piyanistaning qo‘lidan qutqarmoqchi bo‘lgan maktab psixologi I.Ibragimovni ham uradi, haqorat qiladi. Boshqa o‘qituvchilar oraga tushib zo‘ravon U.SH. ni uyiga jo‘natib yuborishadi.

Mushtumzo‘r uyiga borib, o‘g‘li A.H. va jiyani SH.H.larni chaqirib, jinoiy reja tuzadi va pichoq bilan qurollangan holda sheriklari bilan dastlab maktab psixologi I.Ibragimovning xonadoniga bostirib boradi. Pichoq bilan o‘dag‘aylab, I.Ibragimovni o‘ldirmoqchi ekanini aytib baqiradi, I.Ibragimovning homilador xotini, akasining xotini hamda voyaga yetmagan go‘dak bolasi va jiyanlarini qo‘rqitadi. Zo‘ravonlar darvozani tepib, uy jihozlarini uloqtirishadi.

“Pahlavonlar” I.Ibragimovni uyidan topolmagach, maktabga borishadi. Ular maktab binosining yon tomoniga o‘tib, I.Ibragimovni chaqirishadi. Uchovlon xumordan chiqquncha o‘qituvchini do‘pposlashadi. U.SH.ning jiyani ularni ajratmoqchi bo‘lgan shu mahalla fuqarosi SH.J.ni mahkam ushlab turadi.

Xullas, o‘qituvchi o‘z ish joyida haqoratlanadi, kaltaklanadi va qattiq jarohatlanadi. “Tez tibbiy yordam” mashinasida shifoxonaga olib borilgan I.Ibragimovning burun suyagi singan va boshqa a’zolari jarohatlangandi.

Samarqanddagi maktabda yana o‘qituvchilar ayovsiz do‘pposlandi

Kiritildi: Bugun 11:05. O'qildi: 1261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!