Tojikistonda Ismoil Somoniy tizmasida joylashgan yirik muzlikning bir qismi asosiy muzlikdan ajralib, dara bo‘ylab pastga tomon siljib tushdi. Hodisa joriy yilning 25 oktyabr kuni soat 11:00 atrofida Tojikobod tumanidagi Kalai Labi Ob qishloq jamoatiga qarashli Saftab qishlog‘ida qayd etilgan. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ajralgan muzlikning uzunligi taxminan 2 kilometr, balandligi 25 metr, kengligi esa 150–200 metrni tashkil etgan. Muzlikning siljishi aholi va infratuzilmaga zarar yetkazmagan, hodisa oqibatlarisiz yakunlangan.
Mutaxassislar mazkur hodisani iqlim o‘zgarishi va havo haroratining barqaror o‘sishi bilan bog‘layapti. Odatda bunday muz ko‘chkilari Hindiston va Nepalning baland Himolay mintaqalarida kuzatilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tog‘ muzliklarida ham bunday jarayonlar tez-tez qayd etilmoqda.
Glyasiologlarning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilsa, muzlikning yana bir qismi ajralishi ehtimoli bor. Bunday holat Qasa-i-Nabi qishlog‘i yaqinidagi Gulrez jamoatida joylashgan fermer xo‘jaliklariga xavf tug‘dirishi mumkin.
Mutaxassislar aytishicha, ushbu muzlik to‘liq erib ketgan taqdirda taxminan 7–8 million kub metr suv hosil bo‘ladi. Biroq bu jarayon bir vaqtning o‘zida keskin suv toshqiniga aylanishi kutilmayapti.