Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga viloyat IIB izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda bir erkak ikki nafar qizni mashinasiga majburlab o‘tqazishga uringani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 1 oktyabr kuni soat 16:00 larda Samarqand shahar A.Temur mahallasi hududida yuz bergan. Unda 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro M.I. o‘ziga tanish bo‘lgan fuqaro ayol bilan sayr qilib yurgan vaqtida ular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.
Fuqaro M.I. mazkur kelishmovchilikni hal qilish maqsadida ayolga avtomashinaga o‘tirishni taklif qilgan, biroq fuqaro ayol bunga rozi bo‘lmagach, uni majburan avtomashinaga o‘tqazishga uringan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida fuqaro ayol mazkur holat bo‘yicha yigitga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan fuqaro erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) asosida hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan.