2021 yil aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida shahardagi “Zarmed pratiksha hospital group” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishgan edi.
O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan klinika ishi bilan yaqindan tanishgan davlatimiz rahbari Samarqandda xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish topshirig‘ini bergan edi.
Mazkur topshiriq asosida “Zarmed xolding” kompaniyasi tomonidan Samarqand shahrida umumiy qiymati 5 million AQSh dollari bo‘lgan xususiy universitet tashkil etildi.
Universitet uchun zamonaviy o‘quv binolari va laboratoriyalar qurilib, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Besh qavatli binoda talabalar va professor-o‘qituvchilarning ehtiyojlari inobatga olinib, zarur shart-sharoit yaratilgan. Ularning ixtiyorida o‘quv va badiiy adabiyotlar, jumladan, elektron kutubxonalar, lingafon laboratoriyalari, interaktiv doskalar bilan jihozlangan “aqlli sinf xonalar”, oshxona, konferensiya zallari mavjud.
Yangi universitetda tibbiyot mutaxassisliklari bilan birga arxitektura, iqtisodiyot, pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi. Darslar o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov yangi universitetda bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Universitet tashkilotchisi, “Zarmed xolding” rahbari Dilshod Shukrullayev ta’lim muassasasi ayni paytda talabalarni qabul qilishga tayyorligi va birinchi bosqichda 1000 nafar yoshni qabul qilish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Ta’lim muassasasi ochilishi bilan 300 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Tadbirkor tomonidan o‘tgan yili Buxoro shahrida shunday universitet faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.