Saudiya Arabistonining «An‑Nasr» klubi jiddiy moliyaviy qiyinchilikka duch keldi. Klub qarzi 200 million dollardan oshib ketgani xabar qilinmoqda. Shuning uchun tegishli organlar jamoaga yangi futbolchi yoki murabbiylarni ro‘yxatdan o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi.
Yangi shartnomalarga ruxsat faqat klub o‘z daromadlari va sponsorlik tushumlari hisobiga moliyaviy barqarorlikni tiklagandan keyingina beriladi. Bu haqda Arriyadiyah nashri yozmoqda.
Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida klubga egalik qiluvchi Saudiya Arabistonining Davlat investisiya jamg‘armasi bir qator choralarni joriy etdi: Rahbariyatning ayrim moliyaviy vakolatlari cheklandi, klub faoliyatini tahlil qilish uchun mustaqil maslahatchilar jalb etildi.
Inqirozdan chiqishning ehtimoliy yo‘llaridan biri sifatida klub ulushini sotish varianti ko‘rib chiqilmoqda. Allaqachon aktivlarning bir qismini sotib olish bo‘yicha ikki jiddiy taklif kelib tushgan. Shu bilan birga, hozirgi egalar klubdan butunlay voz kechishni istamayapti, ular faqat ma’lum ulushni sotishga moyil ekani qayd etilmoqda.