Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida bloger yigit Instagram'da o‘zi profil ochib, 2022 yilning 13 may kuni diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarni tarqatganligi aniqlangan.
Taqiqlangan ma’ruzada Abu-Salohning jang maydonida ekanligi, u yerda musulmonlar qatl qilinayotganligi, qamoqxonalarda muslimalar xo‘rlanayotganligi va shu kabi zulm bo‘layotgan davrda turli keraksiz maslahatlar haqida tortishib yurish lozim emasligi, jihodga shoshilish kerakligi haqida fikrlar yo‘g‘rilgan.
Bundan tashqari, ayblanuvchi 2022 yilning sentyabr oyida Rossiya Federasiyasida ham bir qancha tanishlariga diniy mazmundagi ma’ruzalarni Telegram orqali yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi JIB Kattaqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqildi. Yigitning yoshligi inobatga olinib, unga insonparvarlik tamoyili asosida hukm o‘qildi.
Sud jarayonida 20 yoshli yigit o‘zining Instagram, Telegram profillariga qo‘ygan nashidalarini asl ma’nosini tushunmaganligini izohlab, faqatgina obunachi yig‘ish maqsadida ommaning e’tiborini tortmoqchi bo‘lganligini aytmoqda.
"Agar bu darajada bo‘lib ketishini bilganimda qo‘ymas edim. Ko‘proq ota-onamni, qarindoshlarimni o‘ylayman",- deydi ayblanuvchi.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi JKning 244-1-moddasi 3-qismi "g" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasini qo‘llab, unga 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.