Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchi qizlarining bir yigit sababli janjallashgani aks etgan video tarqalib, ko‘plab salbiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Aytilishicha, boshqarma tomonidan o‘rganishlar olib borilgan. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, videodagi jabrlanuvchi o‘quvchi Ishtixon tumanidagi 15-umumta’lim maktabining 7-sinfida, uni kaltaklagan o‘quvchi qiz esa shu tumandagi 74-umumta’lim maktabining 10-sinfida tahsil oladi.
Mazkur holat yuzasidan har ikkala o‘quvchi bilan maktab amaliyotchi psixologlari, mahalla xotin-qizlar faoli va maktablarga biriktirilgan inspektor-psixologlar tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Shuningdek, holat tuman IIB tomonidan nazoratga olinib, zo‘ravon o‘quvchi qizning ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi, birinchi qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.