Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Bu haqda "Millar" dasturi xabar qildi.
Janjal tumandagi 1-maktabning 3 nafar o‘quvchisi va 12- maktabning 2 nafar o‘quvchisi o‘rtasida yuz bergan. Oqibatda o‘quvchilardan biri voqea joyida vafot etgan.
O‘quvchilar o‘rtasidagi janjalga ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuv sabab bo‘lgan. O‘quvchilar Instagram'dagi izohlar bo‘limida gap talashib, bir-birini haqoratlagan.
"Voqea joyiga borganimizda biologik o‘lim qayd etilgan edi. Bemorda ko‘z qorachiqlarining maksimal kengayishi, yirik arterial va venalarda pulsning va yirik jarohatlarning yo‘qligi, bo‘yin atrofida shikastlanish belgilari, og‘iz hamda burun atrofida qon izlari aniqlangan",- deydi shifokor.
Mazkur holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tomonidan JKning 104-moddasi 3-qismi "d" bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voyaga yetmagan o‘quvchilar gumonlanuvchi shaxs sifatida ushlanib,ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.