Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Samarqandda birovning xotinini yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan erkakni ayolning yaqinlari urib o‘ldirdi

Samarqandda birovning xotinini yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan erkakni ayolning yaqinlari urib o‘ldirdi

Samarqand viloyatida o‘ylamay bosilgan qadam ayanchli oqibatlarga olib keldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Paxtachilik Feruza Mansurova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘g‘li Shohruhni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘­rikdan o‘tkazish uchun tuman markaziy poliklinikasiga olib borgan chog‘ida qo‘l telefoniga notanish kishi qo‘ng‘iroq qiladi. Fe­ruza qo‘ng‘iroq qiluvchidan kimligini so‘­raydi.

— Raimqul akangizman, — deya o‘zini tanishtiradi qo‘n­g‘iroq qiluvchi. — Patir yopib charchamayapsizmi?

Feruza Raimqul degan tanishi yo‘q­ligi, patirchi emasligini aytib, suh­batga yakun yasaydi. Ammo oradan chamasi ikki soatlar o‘tgach, boyagi odam yana qo‘ng‘iroq qiladi. Ayol undan nima maqsadda qo‘ng‘iroq qilayotganini so‘­raydi.

Shunda notanish erkak «Sizni yoq­tirib qoldim, birga bo‘­laylik» deydi uyalmay-netmay.

— Men oilaliman, — deya tutaqib ketadi Feruza. — Eriga xiyonat qiladigan ayollardan emasman. Telefon raqamimni kimdan oldingiz?!

— Bilaman, — deydi Raimqul. — Eringiz Rossiyaga ishga ketgan, ikkimizning yaqinligimizni hech kim bilmaydi. Yaxshisi, biron-bir oshxonada o‘tirib, bafurja gaplashib olaylik. O‘shanda telefon raqamingizni kimdan olganimni ham aytaman.

Feruza kutilmagan bunday ochiq-oshkor surbetlikdan jahli chiqib turganda tasodifan qayinukasi Anvar kelib qoladi. Yangasining rangi-ro‘yiga ko‘zi tushgan Anvar salom-alikni ham unutib, «Tinchlikmi?» — deb so‘raydi.

Alamdan yuragi to‘lib turgan Feruza Anvarga qo‘shni qishloqlik Raimqulning gaplarini oqizmay-tomizmay so‘zlab beradi. Jahl­dan mushti tugilib, o‘zini bazur bosib turgan Anvar yangasiga Raimqulga telefon qilishni, uning gaplarini eshitmoqchi ekanini aytadi.

Raimqul ayolning telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berish asnosida hamma savollarga javob beradi va uni yana uchrashuvga taklif qiladi. O‘rtada bo‘lib o‘tayotgan suhbatni Anvar o‘zini bazo‘r bosgancha qahr-g‘azab bilan tinglaydi.

— Ha, qo‘shni qishloqlik Raimqulni yaxshi taniyman, —deydi Anvar. — U beva, eri xorijga ishga ketgan ayollarga ko‘p ilakishadi, deb eshitganman. Jag‘iga bir-ikki musht tushirib, sizga umuman gapirmaydigan qi­lib qo‘ya­man…

Shunda Feruza qayinukasiga masalani janjalsiz hal qilish, Raimqulga yotig‘i bilan tushuntirib, uni bu yo‘ldan qaytarishni uqtiradi. Bu gap tashqariga chiqib ketsa, sha’niga dog‘ tushishi mumkinligini eslatadi. Anvar bunga rozi bo‘lib, aka-ukalari bilan maslahatlashishini bildiradi.

Kechqurun Feruzaning ukasi Boybek, qayinukalar Anvar, Alisher va Bobosher Feruzaning uyida yig‘ilishadi. Anvar ularga yangasining qo‘l telefoniga yozib olingan Raimqulning ovozini eshittirib, qarindoshlardan bunga qanday chora ko‘rish lozimligini so‘raydi.

— Raimqulni aldab uchrashuvga chaqirib, ushlab olish kerak, — deydi Bobosher. — Keyin uni uchastka inspektoriga topshirishsak bo‘ladi.

— Yo‘q, — deya bu taklifga e’tiroz bil­diradi Anvar. —Bunday qilsak, u osongina qutulib ketadi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, o‘rtada yangamning «gap-so‘z» bo‘lgani qoladi.

— To‘g‘ri, u Mustafoqulning xotini bilan «yuraman», deb gap tarqatib yuborsa, hammamiz isnodga qolamiz, — deb fikr bildiradi Alisher.

— Unda opam telefon qilib, Raim­qulni ovloq joyga chaqirsin. Yaxshilab do‘p­poslab, ko‘zini ochib qo‘yamiz. Shu bilan Raimqul opamga gap qotmaydi, ko‘rsa, uzoqroqdan aylanib o‘tadigan bo‘ladi — deydi Boybek.

Ukasining taklifidan so‘ng Feruza Mansurova Raimqulga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Men roziman, — deydi Feruza yolg‘ondakam. -Kech soat to‘qqizlarda uyi­miz yaqinidagi eski bog‘cha binosiga keling.

— Juda yaxshi, o‘sha yerga borgach, sizga o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman, — deya xushnud holda javob beradi Raimqul.

Uchrashuv muddati yaqin qolganida Anvar, Alisher, Bobosher va Boybek o‘zlari bilan belkurak dastasi va bir do­na ayollar ro‘molini olib, ancha yillardan beri qarovsiz yotgan bog‘cha binosiga borib, Raimqulni poylab turishadi. Bir-ikki musht urib, Raim­qulni qo‘rqitib qo‘yish Feruzaning oldida nomigagina aytilgan po‘pisa edi. Aslida esa, g‘azabdan ko‘zlari qonga to‘lgan bu kimsalar Raimqulni o‘ldirishni rejalashtirishgan edi.

Ko‘p o‘tmay Raimqul Feruzaga qo‘ng‘iroq qilib, uning uyi yaqiniga kelgani haqida xabar beradi.

— Siz bog‘cha tomonga boravering, — deydi Feruza bamaylixotir. — Men birozdan so‘ng o‘zim yetib boraman…

Boshida ajal o‘tkir qilichini yalong‘ochlab turganidan mutlaqo bexabar Raimqul Asqarov bog‘cha hovlisiga qadam qo‘yishi bilan kaltak ostida qoladi. o‘azab otiga mingan to‘rtovlon uni o‘rtaga olib, tepkilagan ku­yi belkurakning yo‘g‘on dastasi bilan Raim­qulning duch kelgan joyiga urishadi.

Ketma-ket tepki va kaltak zarbidan yerga yiqiladi. Xuddi shu paytda Boybek ro‘molni eshgancha Raimqulni bo‘ynidan bo‘g‘adi. Bir necha daqiqadan so‘ng oyoq ostida toptalib yotgan Raim­qul qimirlamay qoladi.

Shunda Bobosher ariqdan idishda suv keltirib, Raimqulning yuziga sepib, uni hushiga keltirmoqchi bo‘ldi. Afsuski, bu paytda u hayot bilan vidolashgan edi. Bundan talvasaga tushgan sheriklar endi murdani nima qilishni maslahat qilishadi. Uzoq tortishuvdan ke­yin murdani Narpay kanaliga tashlab yuborishga kelishishadi. Shundan so‘ng qotillar Raimqulning jasadini avtomashinaga ortib, Paxtachi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Narpay kanaliga olib borishadi va uni suv qa’riga otishadi.

Sodir etilgan mudhish jinoiy qilmish tez orada fosh etildi. R. Asqarovni shafqatsizlarcha o‘ldirgan qotillar tergov va sud jarayonida ayb­larini to‘liq tan olishdi. Sud sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j», «p» bandlari va 267-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan ji­noyat­larni qasddan sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda ularning jinoiy qilmishni sodir etishdagi ishtirokchilik darajasi hi­sobga olindi. Sud hukmiga asosan Boybek Norqo‘ziyev o‘n sakkiz yil olti oy, Anvar Asadov o‘n olti yil, Alisher Asadov o‘n besh yil uch oy, Bobosher Asadov o‘n uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Kiritildi: 11:48 23.02.2021. O'qildi: 6490 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!