Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Salavot aytganlar savob oladi

Salavot aytganlar savob oladi

Ulamolar, solih insonlar payg‘ambarlarga ergashuvchi kishilardir. Shuning uchun Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni haqiqiy sevuvchi inson ularning har biridan faqat payg‘ambar keltirgan narsanigina qabul qiladi. Chunki to‘liq ravishda payg‘ambarga ergashishgina mo‘minni jannatga eltadi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

«Ayting: “Allohga bo‘ysuningiz va Payg‘ambarga bo‘ysuningiz!” Shundan so‘ng agar yuz o‘girsangiz, bas, (Payg‘ambar) zimmasida o‘ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug‘ini yetkazish) va sizlarning zimmangizda o‘zlaringizga yuklangan narsa (unga bo‘ysunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz. Payg‘ambar zimmasida faqat (haq dinni sizlarga) aniq yetkazish bordir» (Nur, 54).

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan boshqa kishilar esa to‘g‘ri yo‘lda yoki noto‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi mumkin.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namozni qanday ado etganlar, qanday tahorat olganlar, qanday yotganlar, qanday taomlanganlar – bularning barida u zot (sollallohu alayhi va sallam)dan o‘rnak olishga intilish, shu bilan birga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dagi beozorlik, tavoze, saxiylik, sabrlilik, qanoat kabi axloqiy sifatlaridan ibrat olishga ha­rakat qilish ham Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan chin muhabbat alomatlaridandir.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘p-ko‘p salavot­lar aytish, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘p yod qilish, eslash ham mo‘min kishining Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan sevgisi alomatlaridandir.

Alloh taolo aytadi:

«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot aytur. Ey mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom ayting!» (Ahzob, 56)

Bu oyati karimada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mar­tabalari naqadar ulug‘ ekani zikr etildi. Boshqa birov emas, Alloh taoloning o‘zi Payg‘ambariga salavot aytishini ta’kidlamoqda. Arab tilida “salavot” so‘zi “salot” so‘zining ko‘pligi bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi. Namoz ham “salot” deyiladi, chunki namozda ham duo ma’nosi bor.

Oyatdagi farishtalar Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ga salavot aytishi, u zot (sollallohu alayhi va sallam) haqlariga duo qilishi, istig‘for aytishi ma’nosidir.

Demak, Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ga doimo O‘z rahmatini yuborib, u zot (sollallohu alayhi va sallam) dan rozi ekanini bildirib, maqtovlar aytib turadi. Farishtalar ham u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga Allohdan rahmat, salomatlik, rozilik so‘rab, duo qilib turar ekan.

Oyatdan Alloh O‘zi va farishtalari bilan Payg‘ambariga salavot aytishi ma’lum bo‘ldi. Oyat davomida mo‘min kishilar ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytishga buyu­rilmoqda. Shunday ekan, mo‘minlarga u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytish va salom yuborish farz bo‘ladi. Bu mavzu Islom ulamolari o‘rtasida turli xil bahs–munozaralar­ga sabab bo‘lgan va natijada, olimlar umrida bir marta yoki har bir majlisda bir marta yoki u zotning nomlari zikr qilinganida bir marta salavot aytish kerak ekaniga ittifoq qilgan.

Ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga qanday salavot aytish kerakligini so‘radi.

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Yo Allohning rasuli! Sizga salom berishni–ku bilamiz, ammo sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Allohumma solli ala Muhammadin va ala oli Muhammadin, kama sollayta ala Ibrohima va ala oli Ibrohim, innaka hamidum majid. Allohumma borik ala Muhammadin va ala oli Muhammad, kama borakta ala Ibrohima va ala oli Ibrohim, innaka hamidum majid”, deb ayt, dedilar (Muttafaqun alayh).

Ba’zi kishilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga Alloh taolo O‘zi va Uning farishtalari salavot aytib tursa, mo‘minlarning salavotiga ne hojat, deyishi mumkin.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarning salavotlariga muhtoj emaslar. Aksincha, mo‘minlar ushbu salavotlari tufayli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ulug‘laganlari uchun savob oladi, duolari qabul bo‘ladi va murodlariga yetadi.

 

Manba: hidoyat. uz

Kiritildi: 06:30 14.02.2020. O'qildi: 3123 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!