Bugun 24 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Ro‘za: uning tarixi, haqiqati, maqsadlari

A A A
Ro‘za: uning tarixi, haqiqati, maqsadlari

Biz ushbu maqolada ro‘zaning hukmlari, uni nima buzadiyu, nima buzmasligi haqida gapirmoqchi emasmiz, balki, ro‘zaning mohiyati, uning shaxs va jamiyat islohotidagi ta’siri, uning hikmatlari va maqsadlari borasida so‘z yuritmoqchimiz.

Ro‘za Islom dinining besh ruknidan biridir. U Parvardigor tomonidan har bir musulmonga farz qilingan.

Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz”. (Baqara 183)

Ro‘zaning musulmonlarga farz qilinishidagi hikmatlarni anglab yetish uchun, avvalo, bir necha haqiqatlarni tushunib olishimizga to‘g‘ri keladi. Keling, ana o‘sha haqiqatlarga bir nazar solib chiqaylik.

Inson haqiqati

Ma’lumki, inson farishtalar va hayvonlar oralig‘ida yaratilgan bir mavjudotdir. Unda mazkur ikki toifaning, bir-biriga zid ikki jinsning tabiatlari mujassamlashgan. Inson farishtaviy xossalar va hayvoniy xususiyatlardan, ilohiy axloqlar va hayvoniy odatlardan tarkib topgan g‘aroyib qorishmadir. Negaki uning yaratilishidan ko‘zlangan maqsad, uning uchun belgilangan mansab o‘zgachadir. Bu maqomga farishtalar ham tanlangan emas, hayvonlar ham buning uchun yaratilgan emas. Bu – Allohning yerdagi xalifasi, o‘rinbosari bo‘lish martabasidir, bandalikning nihoiy shaklini, eng yuqori cho‘qqisini ifoda etish maqomidir. 

«Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: «Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman», – dedi. Ular: «Unda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadigan kimsani qilmoqchimisan? Holbuki, biz Seni hamding ila poklab yod etib va Seni ulug‘lab turibmiz», – dedilar. U: «Men siz bilmaydigan narsalarni bilaman», – dedi». (Baqara 30)

«Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim». (Zaariyaat 56)

Insonning Allohning yerdagi xalifasi bo‘lish masalasi ulkan haqiqatdir. Inson uchun bundan ortiq sharaf yo‘q. Ammo, bu maqomning yuzaga kelishi uchun muhim omil kerak edi. U ham bo‘lsa, xalifa qilguvchi va xalifa qilinguvchi hamda xalifalik makoni o‘rtasida kuchli bog‘liqlik mavjud bo‘lishi edi. Ya’ni Alloh taolo,  inson hamda yer o‘rtasida muayyan munosabat o‘rnatilishi kerak edi. Shu bois inson uni o‘zining o‘rinbosari qilib yaratayotgan Zot tarafidan kiritilgan xos ruh hamda inson xalifalik qiladigan makon, ya’ni tufrog‘dan tarkib topgan holda yaratildi. Uning tanasi tufrog‘dan yasaldi:

«Alloh sizlarni tufrog‘dan yaratdi...». (Fotir 11)

Bu haqiqatni hozirgi ilm-fan ham qayta-qayta tasdiqlamoqda.

Insonning ruhi esa Alloh taolo tomonidan kiritildi.

«So‘ngra U zot uni to‘g‘riladi va uning ichiga O‘z ruhidan pufladi...». (Sajda 9)

Natijada mazkur yangi mavjudot yajoyib, hakimona tarzda tarkib topdi. Unda ikki tarafdan ikki turdagi xususiyatlar vujudga keldi. 

Birinchisi: Unda Alloh taoloning xulq va sifatlaridan namunalar yuzaga keldi. Masalan, oliyjanoblik, poklik, behojatlik, marhamat, muruvvat, shafqat, yaxshilik, sabr, hilm, kuch-qudrat, zo‘rdastlik, musaffolik, har xil nomunosib narsalardan xolilik va hokazo xususiyatlar shu jumladandir. Shuning uchun ham insoniyat o‘zining tarixida, hamma davrlarda, butun hayoti davomida mazkur axloqlardan huzur-halovat, izzat-sharaf tuyib kelgan. Agar inson o‘zi ushbu axloqlardan uzoq bo‘lgan yoki ularni o‘zlashtirishga qosirlik qilgan bo‘lsa ham, o‘sha axloqlarga ega bo‘lgan kishilar oldida doimo bosh egib kelgan.

Ikkinchisi: tufrog‘dan, ya’ni yerdan ham uning xosslari va tabiatlari insonga o‘tdi. Shuning uchun ham inson yer va undagi narsalarga muhabbat va mayl ko‘rsatadi. Toki inson yerdagi boshqaruvini go‘zal olib borsin, yerning konlari va boyliklaridan manfaat olsin, uning ne’matlari va pok in’omlaridan bahramand bo‘lsin. Ana shu e’tibordan insonda yemoq-ichmoqqa istak va jinsiy g‘ariza paydo bo‘lgan, unga ochiqish va chanqash xususiyatlari berilgandir. Uning zuvalasi lazzat va keti yo‘q imtiyozlarga hirs qo‘yish xususiyati bilan qorilgan, unga sanoat va madaniyat, taomu sharobga yuksak did ilhom qilingandir. 

Isnondagi bu ikki xossaning har biri ham insonni doimo o‘z tarafiga tortib turadi. Ruh insonni o‘zining asl manba’i – Alloh tarafiga tortadi. Ruh insonga uning kelib chiqishini, muhim mas’uliyatlarini, dunyoga kelishidan ko‘zlangan maqsad – xilofat martabasini eslatib turadi. Ruh insonda o‘zi ko‘chib kelgan go‘zal, bepoyon olamga nisbatan ishtiyoq uyg‘otadi. Bu moddiy olamning og‘irliklari, qorong‘uliklaridan ozod bo‘lishga, moddiyat kishanlarini parchalab tashlashga, jismning lazzat va istaklarini uloqtirib yuborishga, nafsu havo qafasini buzib, ruhiyat olamida keng parvoz qilishga, beqiyos ma’naviy huzur-halovatlarni his etishga chaqiradi. Ruh bu yo‘ldagi ochlik-chanqoqlikdan, mehnat-mashaqqatdan shunday rohat oladiki, buni inson butun dunyo maishatini yig‘ishtirib kelganda ham topa olmaydi. Ana shu holatda inson o‘zining haqiqiy qiymatini topganday, o‘z istagining yuqori cho‘qqisiga erishganday, endi uning uchun muammo qolmaganday bo‘ladi. U bu musaffolikdagi o‘tkazgan bir lahzasini butun umri bo‘yi totib kelgan boshqa lazzatlarga almashtirmaydi. U bu holatdan ayrilishni qushning o‘z inidan yoki baliqning suvdan ayrilishidek tuyadi. Mana shu narsalarning bari inson ichidagi ruhning ishlaridir. 

Shuningdek, insonni jasad ham o‘z asliga, yerga tortib turadi. Insondagi barcha tuban xislatlar ana shundan. Qachonki ruhning hukmronligi zaiflashsa yoki uning hukmi qo‘ldan ketib, kuch-qudrati kesilsa va bor tasarrufni jismoniy mayl-istaklar o‘z qo‘liga olsa, inson shahvat va lazzatlar payiga tushib qoladi, u o‘z istaklarining majnuniga aylanadi, bu ma’noda turli tuman bo‘lmag‘ur narsalarni ixtiro qiladi, aql va odat, sog‘lik-salomatlik, adolat va shariat hududlarini buzib tashlaydi. Insonning bor himmatu zakovati, ixtrolariyu iqtidorlari taomu sharobning turlarini ko‘paytirish, ularni yeb yutishu hazm qilishga xizmat qiladi, xolos. Natijada u madaniyat va taraqqiyotning avjiga, ilmu bilimning cho‘qqisiga yetganini jar solayotgan bir paytda taomxona va hojatxona o‘rtasida borib keladigan jonivorga aylanib qoladi. Uning yemoq uchun ishlashu ishlash uchun yemoqdan boshqa tashvishi qolmaydi. Endi bu insonga o‘zining haqiqati ustida, uning yaratilishidan ko‘zlangan asl maqsad haqidagi gaplarni tinglash malol kelib qoladi. Ana shunda insonni to‘g‘ri yo‘lga solish, chin insoniylikka qaytarish muammoga aylanib qoladi.

Tarixga nazar

Insoniyatning diniy-axloqiy tarixidagi barcha muhim hodisalar mana shu ikki xususiyatdan kelib chiqqan kurashdan kelib iborat desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Tarixga nazar tashlar ekanmiz, ko‘ramizki, ba’zan birinchi tabiat – ruhoniylik g‘olib kelib, haddidan oshgan. Natijada bu tabiat rohiblikni o‘ylab chiqardi, tarki dunyochilikda, pok va muboh narsalarni tark etishda, nafsni qiynashda chegaradan chiqdi. Insonlar ochlik va bedorlikka berilib ketib, o‘rmonlar va g‘orlarga chiqib ketishdi. Tom ma’nodagi saodat va ruhoniy yuksaklik nafsni qiynash va jasadga ozor berishda degan fikrga borib qolishdi. Bunga Yevropa o‘rta asridagi haddan tajovuz qilgan rohiblarni va hind ibodatchilarini misol qilish mumkin. 

Bu ishning oqibati esa jism va aqllarning zaiflashuvi hamda ijtimoiy aloqalarning buzilishidan boshqa bo‘lmadi. Jamiyat quladi, kurash va mas’uliyat maydonidan chekindi, o‘zicha farishtalarni o‘zi uchun oliy namuna qilib olib, ularga intilishga, go‘yo hasad qilishga o‘tdi, holbuki, aslida, farishtalarning havasini keltirgan, ularga sajdagoh bo‘lgan «hazrati inson» edi u. 

Boshqa bir paytlarda esa ikkinchi tabiat – yerdan bo‘lgan jasad tabiati g‘alaba qildi. Tarixda bu g‘alaba oldingisidan ko‘ra ko‘p ro‘y bergan. Bunda inson har qanday aql va shariat cheklovlaridan, ruh va axloq hukmlaridan tajovuz qildi. U moddiyat chaqiriqlariga ergashdi. O‘zining jismoniy istaklarini qondirish, moddiy rag‘batlarini ro‘yobga chiqarishga mukkasidan ketdi. Bunda uning uchun na chegara, na me’yor qolmadi. Natijada ruh va qalb nuri so‘ndi, aql va ichki olamning barbod bo‘lishi hisobiga maishat qilinadigan bo‘ldi. Endi unga bir oilaning, balki, bir xalqning ozuqasi ham kamlik qilib qoldi. Oqibatda zulmu jinoyatlar ro‘y berdi. Inson o‘z jinsdoshlarini yeb yutuvchi, o‘z oila a’zolarini azoblovchi hamlakor vahshiy hayvonga aylandi. Sof Islomiy yurishlarni hisobga olmaganda, tarix sahnasida ro‘y bergan barcha urushlar, g‘alaba va nusratlar shaxsiy yoki jamoaviy ma’nodagi ochko‘zlikning, yer yuzida ustunlikka bo‘lgan istakning oqibatlaridan  boshqa narsa emas.

Ro‘za najotdir

Alloh taolo tarafidan kelgan din insoniyatni ana o‘shanday botqoq va razolatlardan qutqardi. Uni jismni qiynash bilan haddan oshishdan, ayni choqda, tana mayllariga mukkasidan ketishdan ozod qildi. Insonga haqiqiy insoniy hayot tarzini, olijanob odamiylikni taqdim qildi. Bu yo‘lda qo‘yilgan qadamlarning asosiylaridan biri ro‘zani shariatga kiritish bo‘ldi. 

Turli zamonlarda, turli makonlarda Alloh taolo tarafidan payg‘ambarlar kelgan. Bu payg‘ambarlik moddaparastlik iskanjasi ostida yashayotgan insoniyatni najotga olib chiqdi. Unga ruh bag‘ishladi, axloq-odob, nozik tuyg‘ular, haqiqiy insoniylik, ma’naviy yuksaklik baxsh etdi. Unga shahvat tug‘yonlaridan, qorinparastlikdan ozod qalb, musaffo ruh taqdim qildi. Hayotda adolat tarozusini o‘rnatdi. Bu bilan insonni undan ko‘zlangan maqsad – Allohga komil bandalikni yuzaga chiqarishga, unda mujassamlashtirilgan kamolot – Allohga do‘stlik maqomiga erishishga, uning yer kurrasiga tushirilishidan nazarda tutilgan vazifa – Allohning yerdagi xalifasi bo‘lish mansabiga yangidan hozirladi.

Bu buyuk hozirlik yolg‘iz farishtanamo ruhoniylik bilan ham, hayvonsifat moddiylik bilan ham yuzaga chiqmas edi. Shuning uchun ham Alloh tomonidan kelgan shariat insonga ro‘zani farz qildi. U bu bilan moddiylikni, nafsu havoni chekladi, qalbga yo‘qotgan narsalari – tiriklik, uyg‘oqlik, kuch-qudrat, ma’naviy boyliklarini qaytardi. Insonning ichki olamini ruhoniy, iymoniy ozuqa bilan to‘ldirdi. Bu bilan inson ruhi o‘zining hayotdagi mo‘’tadilligini saqlashga, shahvat aldovlari, nafs tug‘yonlariga qarshi kurashishga qodir bo‘ldi. Inson Alloh taoloning xulqlaridan ma’lumlari ila xulqlanishga, Allohning ism va sifatlaridan ulush olishga, bu bilan oliy darajalarga yuksalishga erishdi. U qalb va ruhoniyat bo‘stonlarida sayr etdi, farishtalardan ham oliy maqomga erishdi. Bu bilan u biror jismoniy lazzatda topilmaydigan, o‘xshashi yo‘q bir huzur-halovatga erishdi.

Ro‘zaning maqsadlari

Hujjatul-islom imom G‘azzoliy o‘ziga xos uslubda ro‘zaning maqsadlariga ishora qilar ekan, shunday deydi:

«Ro‘zadan maqsad Alloh taoloning xulqlaridan bir xulq – behojatlik bilan xulqlanish, nafs istaklaridan imkon qadar tiyilish orqali, shahvatlardan pok farishtalarga iqtido qilishdir. Inson hayvon martabasidan shahvatlarni aql nuri yordamida sindirish quvvatiga egaligi bilan ustun turadi. Ammo, shahvatlar unga o‘z ta’sirini o‘tkazgani, u nafsu havosiga qarshi kurashishga majburligi yuzasidan farishtalardan quyi turadi. U shahvatlarga – nafs istaklariga berilgani sari eng quyi tabaqalarga – asfala sofilinga qarab ketadi,  shahvatini sindirgani sayin farishtalarning oliy maqomiga ko‘tarilib boradi, natijada farishtalar fazosida parvoz qiladi».

Tashqi a’zolarni hamda ichki quvvatlarni muhofaza qilishda ro‘zaning ta’siri beqiyos. U insonning vujudini uni buzadigan, sog‘ligiga zarar keltiradigan moddalardan tozalaydi. Ro‘za insonga uning ruhi va jismidan nafsu havo tortib olgan fazilatlarni qaytaradi. U chinakam taqvoni o‘zlashtirish uchun eng yaxshi yordamchidir. Shuning uchun ham Alloh taolo musulmonlarga ro‘zani farz qilgan oyatda:

«... sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz», – degan.

Demak, ro‘zani shariatga kiritilishidan bosh maqsad musulmon kishida taqvoni shakllantirish ekan.

Ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri musulmon shaxsda Allohdan qo‘rqish hissini uyg‘otishdir. Unda Allohning roziligi uchun o‘z xohish-istaklariga qarshi ish ko‘ra olish malakasini hosil qilishdir. Chanqab, ochiqib turgan insonning Alloh aytgan fursatgacha bir qultum suv yutmay yurishi, hech kim ko‘rmaydigan, hech kim sezmaydigan paytda ham og‘ziga bir luqma taom solmay turishi o‘sha insonning uni Alloh doimo kuzatib turganini his qilishidan bo‘ladi. Bu his uni har qanday holatda yaxshilik, savob ishlar qilishga, har qanday vaziyatda yomonlikdan, gunohlardan tiyilishga olib keladi. Bir oy davomida o‘zini ana shunday holda tutgan kishi yil bo‘yi, balki bir umr o‘shanday ezgu hayot kechirishga qodir bo‘ladi. Allohni rozi qilish uchun halol narsalardan o‘zini tiya olgan shasx U zotning rizosi uchun harom narsalardan mutlaqo tiyilishga o‘zida yetarli kuch-qudrat va malakani hosil qiladi.

Ochlik ila kishilarni davolab nom chiqarayotgan kishilardan biriga: «Siz o‘z tajribangizda shu narsadan topgan eng ulkan foyda nima?» deb savol berilganda u: «Allohni his etish, ibodat qilishga ruju, qisqasi, taqvodorlik», deb javob berdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za qalqondir», – deganlar.

Ha, ro‘za qalqondir, u o‘z sohibini shahvat hujumlaridan to‘sadi. 

Ro‘za qalqondir, u o‘z sohibini gunohlardan to‘sadi. 

Ro‘z qalqondir, u o‘z sohibini unga zararli bo‘lgan narsalardan to‘sadi.

Ro‘z qalqondir, u o‘z sohibini do‘zax olovidan to‘sadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahvati g‘alaba qilayotgan, ammo uylanishga imkon topa olmayotgan kishilarga ro‘za tutishni tavsiya qilganlar.

Insonni ikki dunyo saodatiga erishtiradigan fazilat va xususiyatlarni o‘zlashtirish aynan ro‘za bilan yuzaga chiqadi. Insonlarga ular uchun zarur bo‘lgan amalni farz qilganligi ham Parvardigorning O‘z bandalariga mehribonligidandir. Chunki inson o‘z uchun kerak bo‘lgan har bir foydali narsani bilavermaydi. Bilgan taqdirda ham, o‘z ixtiyori bilan o‘sha ishni bajarishi qiyin.

Ro‘zaning inson ma’naviyati, ruhiyati uchun foydasi ko‘p bo‘lgani uchun qadimgi dinlarda ham ro‘za u yoki bu shaklda mavjud bo‘lgan. Hattoki, Budda va Gandi kabilar ham o‘z ruhiy quvvatlarini oshirish, nafslarini chiniqtirish uchun o‘zlaricha ro‘za tutishgan.

Qadimgi dinlarda ro‘za

Hozirda ham insonlar amal qilib kelayotgan eng qadimgi diyonatlardan biri brahman hindulik dinidir. Hindiston universitetining falsafa qismi rahbari ustoz Mahadevan ro‘zaning hindulik shariatidagi, hindlar jamiyatidagi ahamiyatini quyidagicha bayon qiladi:

«Har yili o‘tkaziladigan bayram kunlaridan biri nafsni poklovchi ro‘za uchun ajratilgan kundir. Hinduizm toifalarining har biri o‘zlari uchun duo va ibodat bilan o‘tkazadigan maxsus kunlarni ta’yin qilib olgan. Mazkur toifalarning aksar a’zolari o‘sha kun ro‘zasini tutishadi. Yemoq-ichmoqdan tiyilishadi, tunni butkul bedorlikda o‘tkazishadi va muqaddas kitoblarini o‘qishadi, Allohga muroqaba qilishadi – qalban bog‘lanishadi...

Shuningdek, xossatan ayollar ro‘za tutadigan kunlar ham bor. Bunda ular ilohaga (ularning e’tiqodicha, Allohning ayollik sifatlariga) turli ko‘rinishlarda duolar qilishadi. Bu kunlar o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lib, Barat yoki Ahd deb nomlanadi. Bu kunlar ruhni poklashga ajratilgan bo‘lib, undan ruhni ma’naviy oziqlantirish maqsad qilingandir».

Brahmanlar hozir ham hind hisobi bo‘yicha har bir oyning o‘n bir va o‘n ikkinchi kunlari ro‘za tutishadi. Ularning bu ro‘zalari, agar tark qilmay tutib borishsa, bir yilda yigirma to‘rt kun bo‘ladi. 

Qadimgi Misrliklarga kelsak, ularda ro‘za diniy bayramlari bilan bo‘lganini ko‘ramiz. Yunonlarda Txasmoferiya oyining uchinchi kuni ayollarga xos ro‘za kuni bo‘lgan. Hatto majusiylik dini ham, agarchi ba’zi tabaqalarga bo‘lsa-da, ro‘zani buyurgan. Ularning ayrim muqaddas kitoblarida zikr qilinishicha, diniy rahbarlarga besh yil ro‘za tutish farz qilingandir.

Yahudiylarda ro‘za

Yahudiylarda ro‘za Bobil davrida qiyinchilik va mahzunlik ramzi bo‘lgan. Kishi qachon biror xatarga, tahdidga tushsa, ro‘za tutish uning uchun panoh bo‘lgan. Birorta kohin yoki ilhom sohibi o‘zini ilhomga tayyorlamoqchi bo‘lsa, ro‘za tutgan. Yahudiylar qachon o‘zlariga Allohni g‘azabnok, norizo bo‘lgan, deb bilishsa yoki yurtlariga kattaroq musibat tushsa, vabo kelsa, yoxud qurg‘oqchilik bo‘lsa, ma’lum muddat ro‘za tutishgan. Ba’zi paytlarda podshohlar yangi reja oldidan ham ro‘za tutganlar.

Yahudiy taqvimida qadimdan doimiy belgilangan ro‘za kunlari mavjud. Undan tashqari, musaviylik diyonatida muayyan kafforat kuni ro‘zasi ham bor. Shuningdek, yahudiylarning boshiga tushgan ayanchli, musibatli kunlar – Bobil asirligining xotirasi sifatida joriy bo‘lgan davomli ro‘za kunlari bo‘lib, to‘rtinchi oy – Tamuz, beshinchi oy – Ob, Yettinchi oy – Tishri va o‘ninchi oy – Tebet oylarida tutiladi. Ayrim Talmud ulamolari, mazkur kunlarning ro‘zasini Banu Isroil xalqi o‘zgalarning qo‘lida mahkum bo‘lganida, og‘irlik paytlarida tutishlari shart, ammo omonlik va kengchilikda yashayotgan davrlarida esa majburiy emas, deydilar. 

Bundan tashqari, yana bir qancha ro‘za kunlari borki, yahudiylar yo‘liqqan og‘ir va mashaqqatli kunlar xotirasi uchun tutiladi. Bu ro‘za kunlari avvalgi aytilgan kunlarga ilova qilinadi, lekin majburiy bo‘lmaydi. Bu kunlarning adadi yigirma besh kun bo‘lib, yahudiylar orasida bu borada bir oz ixtilof bor.

Shu bilan birga, ba’zi milliy-mahalliy ro‘za kunlari bo‘lib, uzoq yillardan beri yahudiylar yashab kelayotgan turli diyorlarda turlicha tutib kelingan. Bu kunlar ham turli zamonlarda, turli joylarda bu xalqning taqdirida yuz bergan o‘tmish qora kunlarining, ba’zi hukumatlar tarafidan chekkan aziyatlarining xotiralari sifatida joriy qilingan. 

Yahudiy millati tarixida ro‘y bergan bir qancha voqealar va mashaqqatli kunlar, o‘zlarining shaxsiy hayotlarida ro‘y bergan motamli onlar xotirasi uchun tutiladigan, ammo ba’zi tabaqalargagina xos bo‘lgan ro‘za kunlari ham bor.

Yilning birinchi kuni ro‘za tutish deyarli barcha yahudiy tabaqalarida mavjud. Yana, yahudiy xalqiga biror xatar yetsa, yomg‘ir kechiksa, yurtga ocharchilik kelsa, og‘ir holatlar paydo bo‘lsa yoki qiyin qonunlar chiqarilsa, ana shunday paytlarda ribbiylar – yahudiy ulamolari ma’lum kunlar ro‘za tutishni buyurishadi va bu ro‘za diniy qonun sifatida joriy qilinadi.

Nasroniylarda ro‘za

Nasroniylik dini fiqhiy masalalari, umumiy hukmlari eng oz diyonatlardan hisoblanadi. Uning masihiy jamiyatlarni,  tarixiy bosqichlarni, barcha diyniy toifalarni qamrab oladigan hukmlari juda-juda oz. Shu bilan birga, u davr o‘tishi bilan, siyosiy, ijtimoiy va ba’zan iqtisodiy omillarga ko‘ra eng ko‘p tarqalgan dindir. Shuning uchun uni ilohiy shariat deyish qiyin. Biz esa masiyhiylar nazdidagi ro‘za va uning turli davlarda qanday bo‘lganiligi haqida qisqacha tasavvur hosil qilish bilan kifoyalanamiz.

Masiyh alayhissalom Payg‘ambar bo‘lishlaridan avval qirq kun ro‘za tutganlar. Shuningdek, har bir muxlis yahudiy kabi, musaviy shariatida farz bo‘lgan kafforat kuni ro‘zasini ham tutganlar. U kishi ro‘zaga aloqador hukmlarni joriy qilmaganlar, balki bir qancha asos qoidalar va ularni tatbiq qiladigan kanisani qoldirganlar. Biror odam u kishini ro‘za haqida tag-tugi bilan qonunlar joriy qilgan deya olmaydi. Masiyhiylikning yangi manba’larida «Bulis» ro‘zasi haqida  so‘z boradi. Isroil sulolasidan bo‘lgan yahudiylar kafforat kuni ro‘zasini tutishgan.

Birinchi melodiy asrning yakunida, qiddis Bulis vafotidan keyin ro‘za qonun-qoidalarini ishlab chiqishga kuchli rag‘bat paydo bo‘lgan. Holbuki, bu narsa ro‘zadorning taqvosiga tashlab qo‘yilgan ishlardan edi. Ayrim rohiblar va ba’zi kanisa kishilari masiyhiylarning moddiy va jinsiy xurujlarga qarshi kurashishlari uchun ma’lum ro‘zalarni ishlab chiqishgan. U davrlarda vojibni his etish, ro‘zaning ro‘zadorga ta’sirsiz bir tashqi ish bo‘lib qolishidan ehtiyot bo‘lish bor edi. Masiyhiylarning ro‘zalari turlicha bo‘lib, bir, ikki yoki bir necha kunlik bo‘lgan. Qirq soatlik ro‘zalari ham bor. «Alamlar jumasi» ro‘zasi yalpi xalqning ro‘zasi bo‘lgan. Ikkinchi melodiy asrda ba’zi joylarda haftaning chorshanba va juma kunlari ro‘za tutish odat bo‘lgan. Ro‘za masalasida nasroniylarning toifalari orasida ixtiloflar ko‘p. 

Ikkinchi-beshinchi asrlar orasida ro‘zaga oid qonun-qoidalarni ishlab chiqish kuchaydi. Cherkov tarafidan ishlab chiqarilayotgan ro‘za hukmlari borgan sari qattiqlashib, og‘irlashib bordi. To‘rtinchi asrga kelib ro‘za masalalari juda qiyinlashib ketdi.

Shu bilan birga nasroniylardagi ro‘za turli joylarda turlicha bo‘lib ketdi. Rimdagi ro‘za Iskandariyadagi ro‘zadan farq qiladi. Ba’zilari hayvon go‘shtini yeyishdan tiyilsa, boshqalari baliq va qush go‘shtlari bilan kifoyalanish ila ro‘za tutishadi. Ayrimlari oqlik va mevalarni tark etsa, boshqalari qattiq non bilan kifoyalanadi, yana boshqalari esa bularning barchasidan tiyilish bilan ro‘za tutadi.

Oxirgi asrlarga kelib, nasroniylikda Masiyh alayhissalom va masihiylik tarixidagi ayrim kunlar va hodisalar munosabati bilan ro‘za tutish joriy qilindi. Ularning orasida uch yoki to‘rt soatliklari ham bor. 

Keyinchalik Angliya cherkovi ro‘za kunlarini belgilab berdi. Lekin maxsus qonun-qoidalar qo‘ymay, buni ro‘zadorning vijdoniga, mas’uliyatni his qilishiga topshirib qo‘ydi.

Xulosa shuki, nasroniylik dinida ham ro‘za mavjud bo‘lib, turli davr, turli mintaqalarda har xil bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda.

Biz shundan bilamizki, Quro’ni karimda «Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi», deyilgani ayni haqiqatdir.

Islomda ro‘zaning farz qilinishi

Islom dinida ro‘za Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yili farz qilindi.  Payg‘ambarimiz alayhissalom vafotlarigacha to‘qqizta Ramazon ro‘zasini tutganlar.

Ro‘za muddati va kayfiyatining cheklangani

Avvalgi dinlarning ham ko‘plarida ro‘za bo‘lgan. Lekin uning muayyan vaqti va shakli bo‘lmagan. Kim qachon xohlasa, qanday xohlasa, ro‘za tutavergan. Ularda ro‘za kunini tanlash ham, bu ro‘zada nimalardan saqlanish ham ixtiyoriy bo‘lib qolgan. Masalan, ayrim hind dinlarida kimdir go‘shtdan, kimdir pishirilgan narsalardan tiyilish bilan ro‘za tutaveradi. Natijada ro‘zadan ko‘zlangan maqsad yo‘qolgan, nafsning g‘alabasi yana ham avjiga mingan. Ro‘zada xiyonat paydo bo‘lgan. Kim ro‘za tutdi, kim tutmadi, kim qachon tutdi, kim qachon tutmadi, kim qanday tutdi, kim qanday tutmadi, bilib bo‘lmay qolgan. Oqibatda ro‘zaning ruhiy va axloqiy ta’siri qolmagan.

Yuqorida aytilgan xalqlar va toifalarning ro‘zalaridan ro‘za ikki xil: a) yemoq-ichmoq va ro‘zani buzadigan narsalardan ma’lum muddat bir yo‘la to‘xtash bilan, b) yeb-ichishni kamaytirish, nafs kusagan narsalarning ayrimlarini qilib, ayrimlarini qilmaslik bilan bo‘lganini ko‘ramiz. Ilm va tajriba avvalgi navning afzalligini ko‘rsatadi. Chunki bunda nafsni tarbiyalash, ochlik va chanqoqlik hissini tuyish, hayvoniy shahvatni sindirish, bu bilan inson ruhiga quvvat berish bor. Ikkinchi turda esa bu narsalar yo‘q, aksincha, u insonda zaiflik, tartibsizlikdan boshqa narsani hosil qilmaydi.

Shuning uchun ham Islom shariatida ro‘za maxsus ko‘rinishda, muayyan shartlar bilan, maxsus kunlarda tutilishi joriy qilindi. Toki millati, mamlakati, shaxsiyati, zamon va makoni qanday bo‘lishidan qat’i nazar, butun dunyo musulmonlari bir vaqtda, bir shaklda, bir ko‘rinishda ro‘za tutishsin, o‘zboshimchalikka o‘rin qolmasin. Shundagina ro‘zadan ko‘zlangan oliy maqsadlar, ruhiy va axloqiy tarbiya, insoniy fazilatlarni mujassamlashtirish yuzaga chiqadi.

Nima uchun ro‘za bir oy?

Boshqa xalqlarda, yuqorida eslab o‘tganimizdek, ro‘za tutish kunlari tarqoq, yil bo‘yi turli kunlarda bo‘lgan. Bunda bir ro‘za kuni bilan boshqasi orasida bir necha kunlar yoki haftalar o‘tadi. Na nafs bir narsaga ko‘nikib ulguradi, na jism bir narsaga erishadi. Natijada ro‘zaning maqsadlari barbod bo‘ladi. Uning axloq va ruh tarbiyasiga bo‘lgan ta’siri yo‘qoladi. Inson bir narsaga ko‘nikishi, ma’lum yomonliklardan xalos bo‘lib, ma’lum fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirishi uchun uch-to‘rt kun kifoya qilmaydi. Balki bunday maqsadlarga erishish uchun qator kunlar harakat qilishga to‘g‘ri keladi. 

Shuning uchun ham Islom shariatida bir oylik davomiy ro‘za joriy qilingan. 

Qolaversa, ro‘zaning ketma-ket o‘ttiz kun bo‘lishi inson sog‘ligi uchun ham ahamiyatli. Professor Nikolayevning «Oddiy haqiqatlar» deb nomlangan kitobida «Sog‘liq uchun och-nahor yurish» sarlavhali bob bor. Unda o‘z sog‘lig‘i uchun qayg‘urgan har bir kishi yiliga 28-32 kun ixtiyoriy ravishda och qolishi zarurligi ta’kidlangan.

Hozirgi kunda turli mamlakatlarda davlatlar tarafidan «Yong‘in xavfsizligi oyligi», «Harakat xavfsizligi oyligi», «Obodonlashtirish oyligi»  kabi oyliklarning keng miqyosda yo‘lga qo‘yilishi Islom qo‘llagan tadbirlarning to‘g‘ri ekanligini hayot tajribalari ham ko‘rasatayotganiga dalolat qiladi.

Nega aynan Ramazon?

Islom shariatidagi ro‘zaning kunlari, boshqa xalqlardagi kabi, qora kunlar xotirasi uchun yoki kimningdir boshidan kechgan hodisalar yuzasidan yoki birorta odamning xohishiga binoan belgilangan emas, balki, juda ham oliymaqom maqsad asosida belgilangandir.

Qur’oni Karimda ro‘za haqidagi oyatlarda shunday deyiladi:

«Ramazon oyi – unda  odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir. Sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin». (Baqara 185)

Demak, nur ustiga nur bo‘lsin uchun Islom shariatida ro‘za aynan Ramazon oyida, Qur’on nozil qilingan oyda tutilishi joriy qilingan. Zero Islom nuri aynan shu oydan boshlab yer yuziga ingandir.

Ramazon bilan Qur’on orasidagi munosabat haqiqatdan ham kuchlidir. Shuning uchun ham Qur’on shu oyda nozil bo‘lgan. Hayotining har bir jabhasida Qur’onga bog‘lanib yashagan, doimiy tarzda ilohiy vahiy qabul qilib turgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Ramazon oyi kelsa, Qur’onga yana-da ko‘proq bog‘lanib qolar edilar. Har Ramazonda o‘zlariga tushgan oyatlarni jamlab, vahiy farishtasi Jabroil alayhissalomdan o‘tkazar edilar. Vafot etgan yillaridagi Ramazonda esa Jabroil alayhissalom bilan birga Qur’oni Karimni boshdan-oyoq ikki marta o‘tkazganlar. Bunga sahobalardan ba’zilari guvoh ham bo‘lishgan.

Hadisi sharifda keladiki: «Qachon Ramazon kirib kelsa, jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi».

Demak, ana shunday ulug‘ onlarda, jannatlar ochilgan, do‘zaxlar yopilgan, shaytonlar kishanlangan, Allohning rahmati yog‘ib turgan lahzalarda qilingan ibodatning samarasi ham o‘zgacha bo‘ladi, ibodatni mukammal bajarish ham bandalarga osonroq kechadi.

Naqshbandiya tariqatining buyuk allomasi «Imomi Rabboniy» laqabini olgan shayx Ahmad ibn Abdul-ahad shunday deydi:

«Agar inson mana shu oyda yaxshiliklarga, solih amallarga erisha olsa, unga yil bo‘yi tavfiq yor bo‘ladi, agar bu oyni qalbi sochilgan, ruhi tarqoq holda o‘tkazsa, yil bo‘yi tarqoqlik va chalkashlikda o‘tadi».

Ramazon oyi kirishi bilan butun Islom yurtlarida o‘zgacha ruh paydo bo‘ladi. Ibodat, Qur’on tilovati, xayru ehsonlar mavsumi boshlanadi. Bu holat yer yuzining g‘arbu sharqida, olimu omiyda, boyu kambag‘alda barobar ro‘y beradi. Musulmon ummatinig birligi namoyon bo‘ladi. Bunda ham Islomning insoniyatni yakdillikka, tenglik va birlikka o‘rgatishining bir namunasi ko‘rinadi. Butun dunyo musulmonlari turli yurtlarda, turli iqlim va sharoitlarda, turli xalqlar vakillari bo‘la turib, bir vaqtda, bir xil ibodatda, bitta Qur’on tilovatida, bir xil xayrli ishlarda bab-barobar yelib-yuguradilar. 

Yuqorida aytib o‘tilgan mulohazalardan Islom shariati ro‘za ibodatini naqadar mukammal tarzda joriy qilganini his qilamiz.

Ro‘zaning ruhi

Ro‘zaning inson vujudiga, uning axloq va ruhiyatiga foydalari sonsiz, sanoqsizdir. Lekin Islom dinida, barcha amallar qatori, ro‘za ham iymon asosida, ya’ni unga qilingan va’dalarga ishongan holda, savob umidida bajarilishi shart qilingan. Busiz ro‘za qabul bo‘lmaydi. Unda ko‘r-ko‘rona taqlid, faqat ruhiy quvvatni oshirish, ma’lum ko‘nikmalarni hosil qilish yoki sog‘likni tiklashni maqsad qilish kabi holatlar o‘tmaydi. Suyukli Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi».

Qolaversa, Islomda ro‘za faqat tashqi ko‘rinish bilan, yeb-ichish va jinsiy munosabatdan tiyilishning o‘zi bilan ifoda topmaydi. Balki ro‘zaning ruhiyati, uning maqsadlariga xilof bo‘lgan, uning ruhiy-ma’naviy manfaatlarini kesadigan har qanday narsa ro‘zada harom qilingandir. Islomda ro‘za nafaqat qorin va shahvatni ma’lum muddatga tiyish, balki, ko‘z, qo‘l, quloq, qalb, boringki insonning butun vujudini gunoh ishlardan saqlash, taqvoda, odob-axloqda ushlash bilan haqiqiy ro‘za bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: 

«Agar sizlardan biringizning ro‘za kuni bo‘lsa, uyat so‘z aytmasin, baqir-chaqir qilmasin, agar u bilan birov so‘kishsa: «Men ro‘zadorman», – desin».

«Kim yolg‘on so‘z va u bilan ish ko‘rishni qo‘ymasa, uning taomu sharobini tark qilishiga Allohning hojati yo‘q». 

Ana shu shartlarga amal qilinmagan holdagi ro‘za go‘yo ro‘za deb e’tibor qilinmasligi e’lon qilindi:

«Qancha ro‘zadorlar borki, ularning ro‘zasida chanqoqdan boshqa narsa yo‘q».

Salmon Forsiydan rivoyat qilinadi:

«Islomiy ro‘za faqat qaytariqlar majmuasigina emas: yeyish yo‘q, ichish yo‘q, g‘iybat yo‘q, chaqimchilik yo‘q, uyat so‘z va ishlar yo‘q, gunoh yo‘q, talashib-tortishish yo‘q. Balki, u bir qancha buyruqlar majmu’i hamdir. U ibodat, tilovat, zikr, tasbeh, yaxshiliklar va mehr-muruvvat paytidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim unda bir yaxshilik ishni bajarsa, boshqalarida (ya’ni boshqa oylarda) farzni ado qilgan kabi bo‘ladi, kim unda bir farzni ado qilsa, boshqalarida yetmish farzni ado qilgan kabi bo‘ladi. U sabr oyidir. Sabrning mukofoti jannatdir. U mehr-muruvvat oyidir», – deganlar». 

Ro‘zaning ruhini saqlab qolishdagi yana bir ahamiyatli narsa, saharlik va iftorliklarni mo‘’tadil qilishdir. Ba’zi kishilar xususan iftorliklarda haddan tashqari ziyofatni kuchaytirib yuboradilar. Kunduzgi ochlik va chanqoq ta’sirida endi bo‘yin egib turgan nafsni oldingidan ham ko‘proq shishirib tashlaydilar. Hatto ayrim kishilar Ramazonga alohida tayorgarlik ko‘rib oladilar. Ramazon oyida boshqa oylardagidan ham ko‘p xarajat qiladilar. To‘g‘ri, oila sharoitini yaxshilab qo‘yish, mehmon kutish, iftorlik berish, ziyofat qildirish ulug‘ amal. Ota-bobolarimiz ro‘zaga alohida bozorlik qilishlaridan maqsad ramazonni to‘la ibodat bilan, bozor-ucharga ham chalg‘imagan holda o‘tkazish bo‘lgan. Lekin bu maishat uyushtirish bo‘lmasligi kerak. Aks holda, ro‘zadan ko‘zlangan maqsad yo‘qqa chiqadi. Ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalda aytganimizdek, jismoniy mayllarni sindirib, ruhoniy kamolotga erishishdir. Boshqacha qilib aytganda, hayvoniy xossalarni pasaytirib, farishtaviy xususiyatlarni ro‘yobga chiqarish, nafsoniy tubanliklarni bartaraf qilib, ilohiy fazilatlarni o‘zlashtirishdir. Buning uchun, hech bo‘lmasa, o‘sha bir mahalgi tushlikning o‘rni bo‘sh qolishi kerak. Uning hissasini iftorlikda ikki barobar qilib chiqarib olish yoki tushlikni kechaning yarmiga ko‘chirib olish esa aksincha natija beradi.

Shu bilan birga, holat aksincha bo‘lishi, ya’ni ro‘zada haddan oshish ham dinimizda qaytariladi. Ba’zilar nafsga qahr ko‘rsatish, jismoniy ehtiyojlarni chekkaga surib tashlash kerak. Ochlik qancha uzoq bo‘lsa, inson qanchalik qiynalsa, Allohga shunchalik yaqin bo‘ladi, degan gumonga borib qolishi mumkin. Bu xato fikr. Avvalgi rohiblik, tarki dunyochiliklarga asos bo‘lgan, Islom qoidalariga zid bo‘lgan tushuncha. Bu ishning oqibati yaxshi bo‘lmaganini biz avvalda aytib o‘tdik. 

Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saharlik qilishni sunnat qildilar. Aytdilarki: «Saharlik qilinglar, albatta, saharlik barakadir». Boshqa bir hadislarida: «Ahli kitoblar ro‘zasi bilan bizlarning ro‘zamizning farqi saharlik yeyishdir», – dedilar. Shu bilan birga iftorlikni kechiktirishdan qaytardilar: «Modomiki, odamlar iftorlikka shoshilar ekanlar, yaxshilikda bo‘ladilar», – dedilar. Saharlikni esa kechiktirishga chaqirdilar. 

Shuningdek, o‘tar ro‘zadan, ya’ni ro‘zani saharliksiz, ulab tutishdan qaytardilar. Ramazon oyi tugashi bilan bo‘ladigan hayit kuni ro‘za tutishni man’ qildilar.

Islom dini mo‘’tadillik dinidir. U har bir ishda, jumladan, ro‘zada ham mo‘’tadillikni talab qiladi. U fitrat dinidir, ya’ni insonning sof tabiatiga mos dindir. Chunki u insonni yaratgan Zot tarafidan yuborilgandir. U doimo insonni, maqolamizning boshida aytib o‘tilganidek, ruh va jasaddan tarkib topganligini inobatga oladi. Shuning uchun ham u insonga ro‘zani farz qildi. Shuning uchun ham u ro‘zani faqat kunduzi uchun farz qildi, kechayu kunduzga farz qilmadi. Shuning uchun ham u ro‘zani yil bo‘yi emas, yilda faqat bir oy farz qildi.

Ramazon va ijtimoiyat

Ramazon oyi ijtimoiy munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb qiladi. Bu oydagi amallarning, hadisda aytilganidek, savobi yetmish barobar yoki undan-da ko‘p bo‘lgani uchun musulmonlar bu oyda xayriya ishlarini yanada jadallashtirib yuboradilar. Zero bu ularga aziz Payg‘ambarlari tomonidan qoldirilgan sunnatdir. Bu kayfiyat hatto yosh bolalarga ham ta’sir qiladi. Ko‘p shaharlarda bolalar uyma-uy yurib «Ro‘za keldi» aytishadi. Zakot ham, ko‘p musulmon mamlakatlarda, jumladan, bizning vatanimizda ham mana shu oyda berilishi odat bo‘lgan.

Iftorliklar ham ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishda, musulmonlarning o‘zaro bir-birlari bilan bordi-keldi qilishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois dinimizda bu ishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim bir ro‘zadorni iftorlantirsa, unga o‘shaning ajricha ajr beriladi, lekin ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi», – deganlar.

Eng asosiysi, musulmonlar masjidlarda to‘planib taroveh namozlarini ado etishadi. Unda hammalari bir safda turib xatmi Qur’on qilishadi. Hech bo‘lmaganda, yilda bir bor to‘planib, Parvardigorlarining Kalomini boshidan oxirigacha tinglashadi.

Ro‘zador kishi ochlik-chanqoqlik tortganda, yegisi kelgan narsalarni yeya olmayotganda o‘zidan ko‘ra kambag‘alroq insonlarning holini eslaydi, ularning ixtyorsiz ravishda istagan narsalaridan mahrum bo‘lgandagi kechinmalarini o‘z tanasida his etadi. Bu bilan uning qalbida faqirlarga nisbatan shafqat va muruvvat ruhi paydo bo‘ladi. Ularning ham istaklari ro‘yobga chiqishi uchun qo‘lidan kelgan muruvvatni qilishga tayyor bo‘ladi.

Islomda ro‘za, yuqorida aytilganidek, barcha a’zolarni yaxshilikka xizmat qildirish, hamma yomonliklardan to‘xtatish bilan bo‘ladi. Albatta, bu holatning insonlararo munosabatlardagi ijobiy ta’siri beqiyosdir. Ro‘zador kishi birov bilan urishish u yoqda tursin, u bilan birov urisha olmaydi ham. Chunki u birov unga gap qotsa ham, «Men ro‘zadorman» degan gapdan boshqa so‘z aytmaydi. Yomon so‘z aytish emas, yomon so‘zga o‘ziga yarasha javob qaytarishdan ham tiyiladi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu yerda gap yomon «so‘z» haqida ketmoqda, yomon ishning qandoq bo‘lishini o‘zingiz mulohaza qilib olavering. Ijtimoiy munosabatlarni yuksaltirish, jamiyatni taraqqiy ettirish, uni madaniy-ma’naviy jihatdan boyitish bundan ortiq bo‘lmaydi. 

Islomiy ro‘zador barcha a’zolarini o‘ziga va o‘zgalarga zarar keltiradigan so‘z va xatti-haraktlardan saqlaydi. U o‘zining har bir so‘zi, har bir ishi ustidan bepul, beayov nazoratchi bo‘ladi. Unga mirshab qo‘yishning, josus yollashning ham hojati qolmaydi. Ana shunday olijanobliklarda bir oy surunkali davom etgan musulmon yil mobaynida o‘shanday fazilatlarda davomli bo‘lishi muqarrar bo‘lib qoladi. Bir oylik «tarbiya lageri»ni o‘tagan bunday shaxs uchun endi gunoh yoki ayb ish qilishning o‘zi azob tuyulib qoladi. Jamiyatda bir dona shunday yetuk inson paydo bo‘lishining o‘zi jamiyat islohoti uchun qo‘yilgan ulkan qadam hisoblanadi.

Ilohim hammalarimizni ro‘zani haqiqiy ma’noda tutishga muvaffaq qilsin, ro‘za va boshqa ibodatlarimizni qabul aylasin. Amin!

Manba: islom.uz

Kiritildi: 15:33 26.04.2020. O'qildi: 37107 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!