Avvalroq, o‘zbekistonlik professional bokschi, super yengil vazn toifasida faoliyat olib borayotgan Ruslan Abdullayevning navbatdagi jangi e’lon qilingani haqida xabar bergandik.
23 yashar charm qo‘lqop ustasi 20 sentyabr kuni AQShning Kaliforniya shtati, Indio shahridagi Fantasy Springs Resort Casino majmuasida o‘tkaziladigan prof boks oqshomi doirasida venesuelalik 34 yoshli Grimardi Machukaga qarshi jang qilishi aytilgandi.
Biroq xorijiy OAVlarning, xususan, boxrec internet portalining ma’lum qilishicha, Ruslan o‘sha kuni amerikalik Kevin Jonson bilan jang qiladi. Jonson 32 yoshda bo‘lib, hozirga qadar 19 ta jang o‘tkazib, 12 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyatni o‘z hisobiga yozdirgan. U karyerasidagi ilk mag‘lubiyatini 2018 yil iyul oyida hamyurtimiz Fazliddin G‘oibnazarovdan qabul qilib olgan.
Havaskor boksda jahon chempioni hisoblanuvchi Ruslan Abdullayev esa prof boksda hozircha 2 ta jang o‘tkazib, har ikkisida g‘alaba qozongan.