BILD nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta davomida Rossiyaning Ukrainaga raketalar va dronlar orqali bergan zarbalari oqibatida 50 dan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan.
Eng ko‘p qurbonlardan biri 10 oktyabr kuni Zaporojyedagi turar joy binosiga berilgan zarba oqibatida qayd etilgan. Unda uch nafar bolani qo‘shib hisoblaganda, 23 kishi halok bo‘lgan.
13 oktyabr, seshanba kuni Rossiya raketalari Kiyevga zarba bergan. Oqibatda kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 80 kishi jarohatlangan. Ertasi kuni poytaxtga uyushtirilgan yangi hujumlar natijasida to‘rt kishi halok bo‘lib, 25 kishi jarohat olgan.
15 oktyabr, payshanba kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning 26 ta aholi punktidagi ob’ektlarga hujum qilgan. Kamida 10 kishi halok bo‘lgan. Kirovograd viloyati ayniqsa katta zarar ko‘rgan. U yerda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri eng kuchli hujum qayd etilgan.
16 oktyabr, juma kuni navbatdagi hujumlar to‘lqini oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, taxminan 60 kishi jarohatlangan. Energetika infratuzilmasiga berilgan zarbalar natijasida Ukrainada bir milliondan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolgan.
Hujumlar dam olish kunlarida ham davom etgan. Shanba kuni yetti kishi halok bo‘lgani va 90 kishi jarohatlangani xabar qilingan. Yakshanba kuni esa kamida yana 10 kishi halok bo‘lgan, 73 kishi jarohatlangani ma’lum qilingan.