Bir nechta Rossiya hududlari hokimiyatlari yoqilg‘iga bo‘lgan yuqori talab va logistikadagi uzilishlar fonida yoqilg‘i sotish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar kiritdi.
23 iyundan boshlab cheklovlar Voronej, Omsk va Saratov viloyatlarida kuchga kirdi. Mahalliy hokimiyatlar bu choralar talabning keskin oshishi va ehtimoliy spekulyasiyalarning oldini olish maqsadida qabul qilinganini bildirdi.
Voronej viloyatida «Lukoyl» tarmog‘iga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin va dizel yoqilg‘isi sotish uchun limitlar o‘rnatildi. Shahar hududida haydovchilar bir martada 30 litrgacha benzin va 60 litrgacha dizel yoqilg‘isi quydirishi mumkin. Avtomobil yo‘llarida esa bu me’yor mos ravishda 60 va 200 litrni tashkil etadi.
Omsk viloyatida kanistrlarga yoqilg‘i sotish vaqtincha to‘xtatildi. Shahar ichidagi AYOQShlarda bir avtomobil uchun 40 litrdan ortiq benzin va 80 litrdan ortiq dizel yoqilg‘isi berilmaydi. Trassalarda dizel yoqilg‘isi uchun limit 200 litrgacha oshirilgan.
Saratov viloyatida 23 iyundan 30 iyungacha jismoniy shaxslar uchun bir avtomobilga 30 litr benzin sotish cheklovi o‘rnatildi. Viloyat gubernatori Roman Busarginning aytishicha, qaror bozordagi haddan tashqari talab va spekulyasiyalarning oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Vladimir viloyati hokimiyati ham aholini shaxsiy transportdan kamroq foydalanishga va yoqilg‘ini faqat zarur hajmda xarid qilishga chaqirdi. Viloyat gubernatori Aleksandr Avdeevning so‘zlariga ko‘ra, uzilishlar logistika muammolari va talabning ortishi bilan bog‘liq.
Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda ham mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, aholiga yoqilg‘i sotish vaqtincha to‘xtatilgan. Hozircha faqat davlat xizmatlari xodimlariga yoqilg‘i quyishga ruxsat berilmoqda.
Mintaqaviy hokimiyatlar benzin va dizel yoqilg‘isi zaxiralari yetarli ekanini, joriy etilgan cheklovlar esa vaqtinchalik xususiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.