Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, generalning qotilligida gumonlanib qo‘lga olingan Ignat Kuzinga shuningdek portlovchi moddalarni noqonuniy foydalanish bo‘yicha ham ayblov e’lon qilingan.
"Kuzin o‘z aybini to‘liq tan oldi va uni Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari qanday qilib yollaganini batafsil so‘zlab berdi. General Moskalikni o‘ldirish rejasi 2024 yil sentyabr oyidan beri tayyorlangan. Generalni o‘ldirgani uchun Kuzinga 18 ming AQSh dollari va’da qilingan", deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.
General-leytenant Yaroslav Moskalik 2025 yil 25 aprel kuni Moskva viloyatidagi Balashixa shahrida avtomobilning portlashi natijasida halok bo‘lgan edi. U Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng halok bo‘lgan o‘ninchi rossiyalik general bo‘ldi. Ukraina Moskallikning o‘limi yuzasidan izoh bermagan.