Bugun 26 may, 2026 yil, seshanba

КИР

Rossiyadagi vatandosh mahbuslar O‘zbekistonda jazo o‘tashni so‘radi

Rossiyadagi vatandosh mahbuslar O‘zbekistonda jazo o‘tashni so‘radi

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari xizmat safari doirasida Saxalin viloyatidagi 1-sonli jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan 11 nafar vatandosh bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif davomida diplomatlar mahbuslar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ular bilan umumiy muloqot qildi. Suhbat chog‘ida mahbuslarning holidan xabar olinib, majburiy mehnat, qiynoq yoki bosim holatlari mavjud yoki yo‘qligi haqida so‘raldi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik mahbuslarning Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilayotgani yoki yo‘qligi ham muhokama qilindi. Vatandoshlar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari muassasaga vaqt-vaqti bilan tashrif buyurib, mahbuslarga harbiy harakatlarda ishtirok etish evaziga sudlanganlikni bekor qilish va yuqori maosh taklif qilmoqda.

Shu munosabat bilan diplomatlar O‘zbekiston fuqarolarini chet el davlatlari harbiy tuzilmalarida ishtirok etish qonunchilikka zid ekani haqida ogohlantirdi. Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “Yollanish” moddasi bo‘yicha javobgarlik mavjudligi tushuntirildi.

Uchrashuv davomida mahbuslar muassasadagi sharoitlardan qoniqayotganini, ammo yaqinlarini sog‘ingani sababli jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tashni xohlashini aytdi.

Bosh konsulxona xodimlari esa hozircha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni o‘zaro topshirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma mavjud emasligi sababli, bunday imkoniyat yo‘qligini ma’lum qildi.

Kiritildi: Bugun 15:31. O'qildi: 341 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!