Rossiya Davlat Dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi Telegram va WhatsApp messenjerlarida ro‘yxatdan o‘tish uchun SMS va qo‘ng‘iroqlarni bloklash tashabbusini ma’qulladi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Aleksandr Yushenko bu qarorni “to‘g‘ri va zamon talabiga mos” deb atab, Rossiyaning milliy messenjeri — Max platformasini rivojlantirishni maqsad qilib ko‘rsatdi.
“Bu cheklov foydalanuvchilarga jiddiy ta’sir qilmaydi. Kim Telegram yoki WhatsApp’dan foydalanmoqchi bo‘lsa, allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan. Qolganlar esa Max’ga o‘tadi — bu tabiiy jarayon”, — dedi Yushenko.
U, shuningdek, cheklovni qonun darajasida mustahkamlash “mantiqan to‘g‘ri” bo‘lishini ta’kidladi. Maqsad — xorijiy messenjerlar faoliyatini cheklash va milliy raqamli infratuzilmaga ustuvorlik berish.
Qo‘mita a’zosi Oleg Matveychev ham tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, WhatsApp Rossiya qonunlariga bo‘ysunmayapti, shu bois uning faoliyatini cheklash zarur.
Matveychev messenjer faoliyatini “qonunbuzar migrant”ga qiyoslab, “bunday holatda deportasiya zarur”, deya ta’kidlagan.
Tashabbus hozircha qonuniy kuchga kirmagan, ammo ekspertlar fikricha, bu Rossiyada mahalliy raqamli xizmatlarga o‘tish jarayonini tezlashtirishi mumkin.