Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar berishicha, shu yilning 19 noyabr kuni xalqaro kelishuvlar asosida, Moskva viloyati Sergiyev Posaddagi "Nadejda" ijtimoiy markazi xodimlari kuzatuvida, tungi reys orqali qizcha O‘zbekistonga qaytarildi.
Qayd etilishicha, qiz 6 yoshida onasi bilan birga Rossiya Federasiyasiga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Qiz va uning onasi yillar davomida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Onasining hayoti yangi joyda o‘nglanmagani sababli na uy-joy, na doimiy ish topilgan. Eng achinarlisi – qiz shu vaqtgacha maktab ta’limiga jalb qilinmagan.
Bu holat natijasida qiz uzoq vaqt davomida nazoratsiz qolgan va mahalliy polisiya reydi davomida reabilitasiya markaziga joylashtirilgan.
Qizning qaytarilishidan oldin, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarmasi uning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Qizchani vaqtincha qabul qilib oladigan va uni ta’limga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadigan oila tayyorlandi. Bu oila qizaloq onasi bilan qayta ko‘rishgungacha unga g‘amxo‘rlik qiladi — deyiladi xabarda.