Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va Xitoyning CNPC korporasiyasi “huquqiy kuchga ega memorandum”ni imzoladi, deya xabar bermoqda nashr.
"Hujjat Yamaldagi gaz konlaridan Xitoyga gaz yetkazib berish uchun mo‘ljallangan “Sibir qudrati — 2” gaz quvurini qurishni nazarda tutadi", — deya aniqlik kiritdi “Gazprom” rahbari Aleksey Miller.
“Interfaks” xabariga ko‘ra, yangi kelishuv doirasida gaz yetkazib berish muddati 30 yilni tashkil etadi, yillik hajm esa 50 milliard kub metr bo‘ladi.
Bundan tashqari, “RBK” nashrining yozishicha, tomonlar “Sibir qudrati” quvuri orqali gaz yetkazib berishni 38 milliarddan 44 milliard kub metrgacha, “Sharqiy yo‘nalish” quvuri orqali esa 10 milliarddan 12 milliard kub metrgacha oshirishga kelishib olgan.
"Rossiya va Xitoy “Sibir qudrati — 2” loyihasini uzoq yillardan beri muhokama qilib keladi. Ushbu gaz quvuri “Gazprom”ning Yamaldagi konlaridan boshlanib, G‘arbiy Sibir va Mo‘g‘uliston hududlari orqali Xitoyning shimoli-sharqiga yetib boradi. Loyiha amalga oshirilsa, bu Rossiyani Xitoy gaz bozoridagi eng yirik yetkazib beruvchiga aylantirishi mumkin", deya yozmoqda nashr.