Bokuda Rossiya va Germaniya siyosatchilarining maxfiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, u yerda, ehtimol, «Peterburg muloqoti»ning kelajagi muhokama qilindi — u Ukrainada Rossiya urushi boshlanganidan keyin rasman o‘z faoliyatini to‘xtatgan forum. Bu haqda Germaniyaning ARD jamoat telekanali va Die Zeit gazetasi xabar berdi.
Germaniya Sosial-demokratik partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Ralf Shtegner, federal kansler idorasi sobiq rahbari Ronald Pofalla, Shimoliy Reyn-Vestfaliya hukumatida federal va Yevropa ishlari bo‘yicha sobiq vazir, xristian-demokrat Stefan Xoltoff-Pfyortner, shuningdek, "Peterburg muloqoti"ning sobiq ijrochi direktori Martin Xoffman Ozarboyjon poytaxtiga keldi.
Ularning hech biri uchrashuvda ishtirok etganini inkor etmadi va u shaxsiy xususiyatga ega ekanligini hamda hech qanday davlat organi tomonidan buyurtma berilmagani va moliyalashtirilmaganligini ta’kidladi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham «uchrashuvlar federal hukumat tomonidan o‘tkazilmagani yoki rejalashtirilmagani»ni bildirdi.
Uchrashuvda Rossiya tomonidan Rossiyaning sobiq bosh vaziri, «Gazprom» kuzatuv kengashi raisi Viktor Zubkov ishtirok etdi. Unga Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeev hamrohlik qildi.
Bu kamida uchinchi uchrashuvdir. Shunga o‘xshash tarkibdagi delegasiyalar 2024 yilda ikki marta Bokuda uchrashgan.