Rossiya va Eron Kaspiy dengizida qo‘shma mashg‘ulotlarni boshladi. Mashqlarda Kaspiy flotiliyasining «SB-45» qutqaruv kemasi ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi 22 iyul, dushanba kuni Telegram’da.
Mashqlar davomida «shartli shikastlangan kemaga yordam ko‘rsatish, suvda ekipajni qidirish va qutqarish», shuningdek, «favqulodda kemani tortib kelish mahorati» ishlab chiqilmoqda, deb ta’kidladi Rossiya idorasi. Bayonotda, shuningdek, «SB-45» buksiri boshqa narsalar qatori, kemalar va qirg‘oq inshootlaridagi yong‘inlarni o‘chirish, odamlarni evakuasiya qilish, 60 metrgacha chuqurlikda sho‘ng‘ish ishlarini bajarish, dengiz yuzasidan neft mahsulotlarini yig‘ish, qidiruv va tadqiqot ishlarini bajarishga mo‘ljallangani aytiladi.
O‘z navbatida, Tehron Rossiya Federasiyasi bilan qo‘shma manyovrlar dasturiga taktik mashqlar, qutqaruv operasiyalarini o‘rgatish va qaroqchilarga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar kiritilganini ma’lum qildi. Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarda Islom inqilobi muhofizlari korpusining harbiy kemalari ishtirok etmoqda, dedi Eron harbiy-dengiz kuchlari vakili «ISNA» agentligiga.
Ayni paytda eronlik kapitan Abbos Hasaniyning Mehr nashriga aytishicha, manyovrlardan maqsad mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va ishtirokchi davlatlarning qidiruv-qutqaruv ishlariga tayyorligini oshirishdir. Ular Eron tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, boshqa ishtirokchilar orasida Qozog‘iston, Ozarboyjon va Turkmaniston harbiylari ham bor.