Rossiya prezidenti Vladimir Putin Roman Starovoytni transport vaziri lavozimidan ozod qilgach, u o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Fojiaga nima sabab bo‘lgan?
Mash nashrining ma’lumotiga ko‘ra, u Ichki ishlar vaziridan shaxsiy sovg‘a tariqasida olgan to‘pponchadan o‘zini otgan. Uning jasadi 7 iyul kuni Moskva yaqinidagi Odinsovo tumanida, o‘z mashinasi yaqinida topilgan. Starovoyt 2021 yilda turmushidan ajralgan. Uning jasadini u uylanmoqchi bo‘lib yurgan yangi ma’shuqasi tanib olgan.
Vafot va ishdan bo‘shatish tafsilotlari
Forbes nashri manbalariga ko‘ra, Starovoyt aslida bir sutkadan ko‘proq vaqt oldin vafot etgan. Ya’ni, Rossiya prezidenti uni o‘limi sababli lavozimdan olgani haqiqatga yaqinroq. Ayrim manbalar esa voqea 5–6 iyul kechasi voqea yuz berganini tasdiqlamoqda.
Roman Starovoytning ishdan olinishi kecha, 7 iyul ertalab e’lon qilingan. Bu qaror Moskva va Sankt-Peterburg aeroportlaridagi dron hujumlari va yuzaga kelgan aviasiya inqirozi fonida qabul qilingan.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning lavozimdan ketishini «ishonch yo‘qotilishi bilan bog‘liq emas», deb aytdi. Biroq haqiqiy sabab haqida izoh bermadi. Newsmbile nashriga ko‘ra, uning iste’fosiga sabab sifatida Sankt-Peterburg va Moskva aeroportlaridagi Ukrainadan dron hujumlari va aviasiya inqirozi, hamda transport tizimidagi muammolar (reyslar bekor qilinishi, 485 reys bekor qilingan, 1900 tasi kechiktirilgan) tilga olingan.
Roman Starovoyt va «ajdar tishlari mojarosi»: nima bo‘lgan edi?
Roman Starovoyt 2021 yilning oktyabridan 2024 yilning mayigacha Kursk oblastining gubernatori lavozimida ishlagan.
2024 yilning aprel oyida uning o‘rniga tayinlangan yangi gubernator Aleksey Smirnov hibsga olindi. U va yana bir amaldor Ukraina bilan chegaradagi mashhur «ajdar tishlari» deb ataluvchi istehkom inshootlarini qurishda milliardlab rublni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Smirnov esa Starovoytning gubernatorlik davrida uning o‘rinbosari bo‘lgan.
«Ajdar tishlari» nima?
2022 yil oktabr oyida Starovoyt Kursk oblastida Ukraina bilan chegarada ikki mudofaa chizig‘i qurilgani, uchinchisi esa qurilayotganini e’lon qilgandi. U bu «ajdar tishlari» deb ataluvchi beton to‘siqlar suratini o‘zining ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirgan.
«Vyorstka» nashriga ko‘ra, bu inshootlar uchun jami 3,2 milliard rubl ajratilgan. Biroq oradan ikki yil o‘tmay, Ukraina qurolli kuchlari (UQK) Kursk oblastining chegaradosh rayonlariga kirib keldi. Harbiylar deyarli hech qanday qarshilikka uchramagan. Bu holat «ajdar tishlari» qurilishi mutlaqo samarasiz bo‘lganini ko‘rsatdi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Aleksey Smirnov — Kursk oblastining sobiq gubernatori va hozirda hibsda Roman Starovoytga qarshi ko‘rsatma bergan. Shu asosda huquq-tartibot idoralari Starovoytga nisbatan ham e’tiroz bildiradigan sabab topgan. Hukumatga yaqin OAVlar yozishicha, uni hibsga olish qarori o‘limidan bir kun avval qabul qilingan.