Rossiya TIV AQSh tomonidan qo‘lga olingan Marinera tankeri ekipajidagi ikki rossiyalik qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi — The Insider.
AQSh qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Marinera'ni 7 yanvar kuni Shimoliy Atlantikada qo‘lga olgandi. Vashington ushbu tanker Venesuela neftining noqonuniy savdosida ishtirok etganini da’vo qilmoqda.
Marinera ekipajida ikki nafar rossiyalik, shuningdek, Ukraina, Gruziya va Hindiston fuqarolari bo‘lgan. “Novaya gazeta Yevropa” tanker Rossiyaning “Burevestmarin” kompaniyasiga tegishli ekanligini, uning egasi Ilya Bugay esa ilgari Qrimda yashagan, keyinchalik Moskvaga ko‘chib o‘tgan shaxs ekanligini aniqlagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova tanker hibsga olinganidan ikki kun o‘tib, Moskva Vashingtondan rossiyaliklarni qo‘yib yuborishni so‘ragani, shundan so‘ng Tramp ma’muriyati tegishli qaror qabul qilganini ma’lum qilgandi.