Rossiya Suriyaning yangi hukumatiga ilk bor neft yetkazib berdi.
Suriyaga Rossiya nefti yuklangan Aquatica tankeri yetib keldi. Mahalliy SANA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi birinchi neft tankeri Baniyas dengiz terminaliga kelgan. Baniyas O‘rta yer dengizi qirg‘og‘ida joylashgan va Suriyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga ega shahar hisoblanadi.
Reuters agentligining yozishicha, Aquatica bortida aynan Rossiya nefti bor. Shuningdek, 25 mart kuni Sakina nomli yana bir neft tankeri Baniyasga yetib kelishini xabar qilgan. Ikkala kema ham AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatga kiritilgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytda Damashq uchun xalqaro bozorda neft yetkazib beruvchi sherik topish juda qiyin hisoblanadi. Sababi, hali Asad hokimiyatda bo‘lgan paytda Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Suriyaga neft yetkazib berishni taqiqlovchi sanksiyalarni joriy qilgan edi. Yaqinda bu cheklovlar biroz yumshatilgan bo‘lsa-da, xalqaro neft treyderlari hamon Damashq bilan savdo qilishdan o‘zini tiymoqda, chunki sanksiyaviy va moliyaviy xavflar xozirgacha saqlanib qolmoqda.