Germaniyaning "Der Spiegel" jurnali nashriyot sohasidagi anonim manbalariga tayanib yozishicha, Rossiyada kitoblarni nashr qilishdan avval ulardagi "nozik parchalar"ni aniqlash uchun ekspertlarni yollash odatiy holga aylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, barcha muammoli deb topilgan qismlar olib tashlanadi, gomoseksuallik kabi mavzular esa butunlay tushirib qoldirilmoqda. Bundan tashqari, Ukrainada urush boshlanganidan beri Boris Akunin va Vladimir Sorokin kabi "nomaqbul" mualliflar soni ortib boryapti.
Ikkita yirik kompaniya vakillarining tan olishicha, bunday yozuvchilarning kitoblarini nashriyotlar sotishga botinmayapti, ular hozirda faqat "qo‘ldan-qo‘lga" o‘tib sotilmoqda.
Berlindagi Sharqiy Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Nina Frissning ta’kidlashicha, Rossiyada adabiyot uzoq vaqt davomida eng kam cheklov qo‘yilgan soha hisoblangan, chunki hukumat kitoblarga qiziqish bildirmagan. Biroq hozirda vaziyat o‘zgargan: mualliflar va nashriyotlar faoliyatini cheklovchi qonunlar ko‘paygan. Shunga qaramay, SSSRdan farqli o‘laroq, davlat rasmiy senzura organini tuzmagan. Buni mutaxassislar "gibrid senzura" deb atashmoqda — bunda cheklovlar bilan turli idoralar shug‘ullanadi.
Sohada ishlayotgan 30 yoshli rossiyalik ayolning fikricha, bu davlat uchun "qulay" — senzura organini moliyalashtirish o‘rniga, nima mumkin va nima mumkin emasligining chegaralari noaniq qilib belgilanadi va soha vakillarining o‘zlari qo‘rquv ostida o‘z-o‘zini senzura qilishga majbur bo‘ladi, deyiladi xabarda.