Rossiya maxsus xizmatlari tobora ko‘proq “bir martalik agentlar”ga tayanmoqda. Bu haqda Germaniya Konstitusiyasini himoya qilish federal boshqarmasi (BfV) ma’lum qildi.
"Rossiya uchun Germaniyada o‘z agentlarini joylashtirish tobora qiyinlashmoqda. Shu sababli, Moskva so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali yollanib, alohida topshiriqlarni bajaruvchi agentlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda", — dedi BvF rahbari o‘rinbosari Zinan Zelen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yollangan shaxslar “quyi darajadagi agentlar” yoki “bir martalik agentlar” deb ataladi.
"Asosan, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlari bilan tanilganlar yollanadi. Ulardan pul evaziga sabotaj, yolg‘on ma’lumot tarqatish yoki josuslik uchun foydalaniladi", — deya aniqlik kiritdi Zelen.
Uning aytishicha, Yevropa razvedka xizmatlari bir necha yillardan buyon Rossiya maxsus xizmatlari faolligining sezilarli oshganini qayd etib kelmoqda.
"Germaniya alohida e’tibor markazida turibdi. Rossiya maxsus xizmatlari Ukraina urushining natijasidan qat’i nazar, Yevropa uchun uzoq muddatli xavf tug‘diradi", — deya qo‘shimcha qildi Zelen.