Rossiya maktablarida harbiy tayyorgarlikka ajratiladigan o‘quv soatlari ikki baravar oshirildi.
Endi harbiy tayyorgarlik «Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari» («Osnovi bezopasnosti i zashiti Rodini») kursining yarmini tashkil etadi. To‘rt o‘quv yili davomida ushbu yo‘nalishga 68 soat ajratiladi. Bu haqda Rossiya maorif vaziri Sergey Kravsov ma’lum qildi.
Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin 8–11-sinf o‘quvchilari uchun maktablarda harbiy tayyorgarlikni joriy qilgan. 2026 yilga qadar mazkur fanga «Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari» kursining 20 foizi ajratilgan edi.
Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik Sovet Ittifoqi davrida ham maktablarda mavjud bo‘lgan. 1993 yilda u o‘quv dasturidan chiqarilgan, biroq 2023 yilda OBJ — «Hayotiy faoliyat xavfsizligi asoslari» darslari doirasida qayta joriy etilgan.
10–11-sinf o‘quvchilariga Kalashnikov avtomati bilan otish, qo‘l granatalarini uloqtirish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalar o‘rgatilgan.
2024 yildan Rossiya maktablarida OBJ fani o‘rniga «Xavfsizlik va Vatanni himoya qilish asoslari» fani joriy etildi.
2026 yil may oyida «Vajnie istorii» nashri Rossiya hukumati so‘nggi besh yil ichida maktab o‘quvchilari uchun harbiy-vatanparvarlik markazlariga 50 milliard rubldan ortiq mablag‘ sarflagani haqida xabar bergan.