Moskva Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning AQShning Ukraina mojarosi bo‘yicha pozisiyasi haqidagi bayonotlarini tasdiqlovchi hech qanday rasmiy ma’lumot olmaganini bildirdi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Vashington tomonidan Makronning fikrlarini tasdiqlaydigan hech qanday rasmiy bayonot yangramagan.
«Prezident Makronning bayonotlariga baho berish qiyin. Menimcha, prezident Makron hech qanday tarzda o‘zini Vashingtonning advokati yoki matbuot kotibi sifatida ko‘rsata olmaydi. Ammo biz hozircha AQShdan buni tasdiqlovchi biron bir bayonot eshitmadik», — dedi Dmitriy Peskov brifingda.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, AQSh boshidanoq «mutlaq betaraf» mavqeda bo‘lmagan, chunki u Ukrainaga qurol yetkazib bermoqda. Shu bilan birga, u Rossiya tomoni Vashingtonning tinchlik jarayoni va muzokaralarni ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholayotganini ta’kidladi.
25 iyun kuni Emmanuel Makron AQSh birinchi marta Ukraina mojarosida vositachi emas, balki Ukrainaning bevosita hamkori sifatida o‘zini tan olgan hujjatni ma’qullaganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, «Katta yettilik» sammitida imzolangan hujjatlar amerikaliklar va yevropaliklar o‘rtasidagi yangilangan yaqinlashuvni anglatadi.