Yangi qonun ehtimoliy mobilizasiya haqidagi xabarlar va harbiy hisobni kengaytirish uchun huquqiy baza tayyorlanayotgani haqidagi tahlillar fonida imzolandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligi, harbiy komissarliklar va harbiy qism qo‘mondonlariga Fuqarolik holati dalolatnomalari yagona davlat reestri (FHDYo) ma’lumotlaridan foydalanish huquqini beruvchi qonunni imzoladi. Hujjat harbiy hisob tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan bo‘lib, endi harbiy idoralar fuqarolarning tug‘ilishi, vafoti, nikohdan o‘tishi, ajrashishi, ismini o‘zgartirishi va boshqa fuqarolik holatiga oid ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qonun ehtimoliy yangi mobilizasiya to‘lqini haqidagi xabarlar fonida imzolandi. Huquq himoyachilari avvalroq rossiyaliklarga harbiy komissarliklarga «ma’lumotlarni aniqlashtirish» uchun borganida tobora ko‘proq mobilizasiya ko‘rsatmalari topshirilayotganini, shuningdek, ularning ma’lumotiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi yangi harbiy xizmatchilarni qabul qilish uchun infratuzilma tayyorlayotganini bildirgan edi.
Avvalroq AQShning Urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya hokimiyati ehtimoliy mobilizasiya va harbiy holat e’lon qilinishi uchun huquqiy asosni izchil ravishda shakllantirayotganini ta’kidlagan.
Tahlilchilar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi kengaytirilganiga, shuningdek, Rosgvardiya hujjatlariga mobilizasiya va harbiy holat sharoitida fuqaro mudofaasi choralarini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilganiga e’tibor qaratgan.
ISW qayd etishicha, G‘arb baholashlariga ko‘ra, 2026 yil o‘rtalariga kelib shartnoma asosida xizmatga qabul qilinayotganlar soni Rossiya armiyasi yo‘qotishlarini qoplash uchun yetarli bo‘lmay qolgan. Shu bilan birga, tahlilchilar ehtimoliy yangi mobilizasiya to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish shaxsan Vladimir Putinga bog‘liqligini ham ta’kidlagan.