Amerikaning Washington Post gazetasi AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbati haqidagi tafsilotlarni ochiqladi. Nashrning ikki ishonchli manbasiga tayanib xabar berishicha, Putin urushni to‘xtatish uchun aniq shartlarni taklif qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Putin Donesk viloyatini Rossiya hududi sifatida rasman tan olishni talab qilgan. Evaziga esa, Rossiya hozirda qisman nazorat qilib turgan Xerson va Zaporojye viloyatlaridan voz kechishga tayyorligini bildirgan.
Ayni vaqtda Rossiya deyarli to‘liq Lugansk viloyatini nazorat qiladi, Donesk, Xerson va Zaporojye esa faqat qisman okkupasiya qilingan. Washington Post ta’kidlashicha, Putinning bu “yoqimtoy” taklifi aslida haqiqiy murosa emas, balki tashqi siyosatdagi imitasiyadir. Donesk — kichik hudud bo‘lishiga qaramay, strategik ahamiyatga ega, chunki u transport va harbiy jihatdan muhim markaz hisoblanadi.
Gazeta yozishicha, AQSh rasmiylaridan ba’zilari buni ijobiy signal sifatida qabul qilgan, chunki avvalgi pozisiyasida Putin to‘rtta viloyatning barchasini talab qilgan edi.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, juma kuni Tramp Budapeshtda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan. Uchrashuv chog‘ida AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff Ukraina tomoniga Doneskdan voz kechish masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. Buni u hududning “asosan rus tilida so‘zlashuvchi aholi”ga egaligi bilan asoslagan.
Trampning Putin talablariga qanday munosabat bildirgani hozircha noma’lum. Tez orada Tramp va Putinning Budapeshtda yuzma-yuz uchrashishi kutilmoqda, lekin aniq sana hali e’lon qilinmagan.